2018 yilning 22 noyabr kuni O`zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Bryussel shahrida Belgiya bosh vaziri o`rinbosari, Tashqi va Evropa ishlari vaziri Dide Reynders bilan uchrashdi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar bermoqda.
Uchrashuvda hamkorlikni, jumladan O`zbekiston—Evropa ittifoqi shaklidagi aloqalarni yanada rivojlantirishning istiqbolli yo`nalishlariga asosiy e`tibor bergan holda ikki tomonlama munosabatlar ko`rib chiqildi.
Belgiya tomoni BMT Xavfsizlik kengashining 2019—2020 yillardagi doimiy bo`lmagan a`zolari saylovida O`zbekistonning Belgiya nomzodiga ovoz bergani uchun minnatdorchilik izhor etdi.
Suhbatda ikki tomon ham savdo-iqtisodiy va investision aloqalarni chuqurlashtirishga muhim ahamiyat berishi ta`kidlandi. O`zbekiston tomoni iqtisodiyotning tekstil, elektrotexnika sanoati, qurilish industriyasi kabi sohalarda o`zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirishda Belgiya ishbilarmon doiralarining faollashuvini qo`llab-quvvatlaydi.
Uchrashuvda ekologiya, madaniy-gumanitar va turizm sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari ham muhokama qilindi.






