Yangi yildan boshlab Moskvada mehnat migrantlarining ish patentlari 500 rublga oshadi va bir oyda 5 ming rublni tashkil qiladi. Bu boradagi o`zgartishlar Moskva shahar Dumasi deputatlari tomonidan soliq qonunchiligiga kiritildi.
Patent narxini oshirish borasidagi qaror migrantlarning daromadlari oshib borayotgani hisobga olingan holda qabul qilindi, deya xabar berdi Moskva shahar Dumasining “Edinaya Rossiya” partiyasi deputati Inna Svetenko. Uning so`zlariga qaraganda, so`nggi yillarda Rossiya poytaxtida ishlayotgan xorijliklarning daromadlari 29 foizga oshgan.
“Ammo biz, mehnat patentlari narxini atigi 13 foizga, ya`ni 500 rublga oshirdik. Shu kungacha Moskvada ishlash uchun xorijliklar narxi bir oyda 4500 rubl bo`lgan patent olishlari kerak edi”, – deydi deputat. Moskva shahar Dumasi deputati shuningdek, mehnat patenti oluvchilar soni qisqarmaganini, buning hisobidan poytaxt xazinasiga 2 milliard rubl tushishini ham aytdi.
Yaqinda Moskva meri Sergey Sobyanin “Rossiya 1” davlat telekanaliga bergan intervyusida migrantlar o`rtasidagi jinoyatchilik ikki barobar qisqarganini, migrantlarning o`zlari, ayniqsa, Markaziy Osiyodan kelganlar qonunga itoat etayotganini bildirgan edi. Sobyaninning so`zlariga qaraganda, “bu ijobiy o`zgarishlarning hammasi shunchaki yuz bermadi, balki Rossiya hukumati tomonidan ko`rilgan chora-tadbirlar samarasidir”.
Birinchidan, Rossiyada ishlash uchun patentlar berildi – bu patentlar aniq bir mintaqada ishlash uchun berildi. Bugungi kunda bu patentlarni xorijliklar Rossiyaga kelish uchun viza zarur bo`lmagan mamlakatlarda: Ozarbayjon, Moldova, Tojikiston, O`zbekiston va Ukraina fuqarolari sotib olishlari mumkin. Patent sotib olgan shaxslarga nisbatan xorijliklarni yollash bo`yicha kvotalar joriy etilmaydi.
Payshanba kuni Moskva viloyati Dumasi deputatlari ham patentlar narxini oshirish borasida qaror qabul qildi. Moskva viloyatida xorijlik ishchilar uchun patent narxi 450 rublga ko`paydi va 4750 rublni tashkil qildi. Bu viloyat byudjetiga qo`shimcha 1 milliard rubl tushishiga imkon beradi, dedi Moskva viloyati davlat Dumasining byudjet, moliya va soliq siyosati masalalari bo`yicha qo`mitasi raisi Taras Efimov.
24.11.2018 06:15
Mehnat migrantlarining ish patentlari oshadi






