Kreditorlarning huquqiy himoyasini kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar bermoqda.
Qarorga muvofiq, 2019 yil 1 yanvardan:
- garov bilan ta`minlanmagan kreditorlar talablarini garovga qo`yilgan mol-mulk qiymatidan qondirish qarzdor o`z majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan hollarda garov reestriga qarzdorning mol-mulkiga bo`lgan huquqlari to`g`risida yozuv kiritilgan sanaga ko`ra kalendar ketma-ketligida amalga oshiriladi. Bunda, ushbu tartib qarzdorning hisobvarag`idagi pul mablag`lari unga qo`yilgan barcha talablarni qondirish uchun etarli bo`lmagan taqdirda, pul mablag`larini hisobdan chiqarish navbatiga tadbiq etilmaydi;
- garov reestriga qarzdorning mol-mulkiga bo`lgan huquqlari to`g`risida yozuv kiritgan kreditor-garovga oluvchilar o`z talablarini qondirishda garov reestriga tegishli yozuvni kiritmagan kreditor-garovga oluvchilarga nisbatan ustuvor huquqqa ega bo`ladilar;
- mol-mulkni xarid qilishni uni ta`minot sifatida qo`yish evaziga moliyalashtirgan kreditor garov reestriga tegishli yozuvni kiritgan taqdirda, ushbu mol-mulk hisobidan o`z talablarini qondirishda ustuvor huquqqa ega bo`ladi;
- navbatdagi garovga qo`yishga garov reestriga tegishli yozuvni kiritish sharti bilan avvalgi garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi;
-garovga qo`yuvchi tomonidan garov predmetini ijaraga berishga garov reestriga tegishli yozuvni kiritish va bu haqda garovga oluvchini xabardor etish sharti bilan garovga oluvchining roziligisiz ruxsat etiladi.
Qaror bilan:
- shartnomada o`zgacha qoida belgilangan bo`lmasa, qarzdorning majburiyatlar bajarilishini ta`minlash uchun taqdim etilgan mol-mulkidan foydalanish yoki uni sotishdan olingan hosil va daromadlarga kreditorning ustuvor huquqi tatbiq etiladi;
- lizing, bo`lib-bo`lib to`lashni nazarda tutuvchi oldi-sotdi, ijara yoki boshqa bitimlar ob`ekti bo`lgan hamda ushbu bitimlarda majburiyatlar bajarilishini ta`minlash uchun qo`yilgan mol-mulkka garov uchun belgilangan undiruv qaratish tartibi tadbiq etiladi;
- yozma bitim mavjud bo`lgan taqdirda, garov predmeti yoki kreditorning majburiyatlari bajarilishini ta`minlash predmeti sifatida qo`yilgan ko`char mol-mulkka undiruvni qaratishga sud buyrug`i instituti tadbiq etiladi.






