Joriy yilning 6 noyabr kuni soat 11:30 larda Jizzax viloyati Do`stlik tumanida fermer xo`jaligi rahbari fuqaro S.B. uyining omborxonasida arqon yordamida o`zini-o`zi osib, joniga qasd qilgan. Natijada voqea joyida vafot etgan. Bu haqda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Mazkur holat yuzasidan Do`stlik tuman prokuraturasi tomonidan tayinlangan sud-tibbiy ekspertizasining 19 noyabrdagi xulosasiga ko`ra, S.B. o`limiga “bo`yin a`zolarining sirtmoq bilan qisilishi” natijasida mexanik asfeksiya sabab bo`lganligi ko`rsatilgan.
Internet ijtimoiy tarmoqlarida fuqaro S.B.ni o`z joniga qasd qilganiga Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan mol-mulklari musodara qilingani sabab qilib ko`rsatilgan.
Shunga asosan, majburiy ijro byurosi xodimlari tomonidan fuqaro S.B.ning uyida o`tkazilgan ijro harakatlarining qonuniyligi o`rganildi.
O`rganishda fermer xo`jaligi raxbari bo`lgan S.B. 2017 yil hosildorligi uchun ajratilgan 104,6 mln imtiyozli kreditdan ATB “Agrobank” tuman filialidan 58,1 mln so`mlik qarzdorligi mavjud bo`lgan.
Do`stlik tumanlararo iqtisodiy sudining 2017 yil 25 dekabrdagi hal qiluv qaroriga ko`ra, fermer xo`jaligi hisobidan ATB “Agrobank” Do`stlik tumani filiali foydasiga 58,1 mln so`m undirish belgilangan.
Sudning mazkur qarori joriy yilning 26 yanvar kuni ijro varaqasi bilan majburiy ijro byurosining Do`stlik tumani bo`limiga kelib tushgan va davlat ijrochisi Sh.A. joriy yilning 22 fevral kuni ish yurituvga olgan va qarzdor S.B.ga qarzdorlikni to`lash uchun 5 kunlik ixtiyoriy muddat berilgan biroq, qarzdorlik to`lab berilmagan.
Ijroni ta`minlash maqsadida MIB viloyat boshqarmasi boshlig`ining joriy yil 20 oktyabrdagi buyrug`iga asosan 27 oktyabrda byuroning Jizzax shahar bo`limi davlat ijrochilari Sh.M. va O.K.lar qarzdor S.B.ning yashash xonadoniga xolislar D.Ya. va D.N.lar bilan birgalikda borishgan va qarzdorning uyidan onasi G.B. ishtirokida o`lchami 3x4 metr bo`lgan 1 dona gilam dalolatnomaga asosan rasmiylashtirib olingan. Ushbu gilam fermer xo`jaligi balansida bo`lmaganligi aniqlanib, joriy yilning 8 noyabr kuni S.B.ning oila a`zolariga qaytarilgan.
Bundan tashqari, Do`stlik tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 24 oktyabr kunidagi hal qiluv qaroriga ko`ra, fermer xo`jaligi hisobidan ATB “Agrobank” Do`stlik tumani filiali foydasiga 220,1 mln so`m undirish belgilangan.
O`rganishda fermer xo`jaligi raxbari S.B. 2018 yil hosildorligi uchun ajratilgan 271,6 mln imtiyozli kreditdan ATB “Agrobank” tuman filialidan 220,1 mln so`mlik qarzdorligi mavjud bo`lgan.
Sudning mazkur qarori 24 oktyabrdagi ijro varaqasi bilan majburiy ijro byurosining Do`stlik tumani bo`limiga kelib tushgan va davlat ijrochisi Sh.A. 24 oktyabrda ish yurituvga olgan va qarzdor S.B.ga qarzdorlikni to`lash uchun 15 kunlik ixtiyoriy muddat berish yuzasidan ijro ishi qo`zg`atish to`g`risida qaror qabul qilingan.
Mazkur ijro ishi yuzasidan xizmat safariga yuborilgan MIB Jizzax shahar bo`limi davlat ijrochilari T.N. va X.M.lar joriy yil 5 noyabr kuni qarzdor S.B.ning uyiga ajrim bilan tanishtirish va uning ijrosini ta`minlash uchun borganida qarzdor uyida bo`lmaganligi sababli uning onasi G.B.ga qarzdorlikni to`lashi yuzasidan tushuntirish berilgani aniqlandi.






