AsosiyJamiyat

Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi an`anaviy o`tkaziladi

'Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi an`anaviy o`tkaziladi'ning rasmi

Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida 22-23 noyabr kunlari Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi bo`lib o`tdi.

Forumning dastlabki kunida ishtirokchilar “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi merosi – universallik va inson huquqlari”, “Inson huquqlari – Barqaror rivojlanish maqsadlarini ta`minlash asosi sifatida”, “Inson huquqlari sohasi ta`limi: innovasiyalar va yangi da`vatlar” sessiyalarida o`zaro fikr almashdi.

Ikkinchi kungi sessiya “Inson huquqlari bo`yicha milliy institutlarning inson huquqlari hurmat qilinishi, himoya etilishi hamda ularga rioya qilinishini ta`minlash masalalarida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o`zaro hamkorligi” mavzusiga bag`ishlandi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha Mo`g`uliston milliy komissiyasi bosh komissari Yamsran Byambadorj, Qirg`iziston Ombudsmani Tokon Mamitov, Inson huquqlari bo`yicha Indoneziya milliy komissiyasi raisi Ahmad Damanik, Inson huquqlari bo`yicha O`mon sultonligi qo`mitasi a`zosi Ishoq bin Jumma al-Xarusiyning ma`ruzalari tinglandi.

50.JPG

4 (1).JPG

Ushbu ma`ruzalar va mavzu yuzasidan ishtirokchilarning fikr-mulohazalari asosida sessiyaning taklif va tavsiyalari ishlab chiqildi.

Shundan so`ng forum yakunlariga bag`ishlangan yakuniy majlis o`tkazildi. Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov “Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligi yakunlari: zamonaviy tahdidlar va real voqelik” mavzusidagi Osiyo forumi muvaffaqiyatli o`tganini ta`kidladi.

– Ikki kun davomida forum sessiyalarida ko`plab ma`ruzalar tinglandi, – dedi A.Saidov. – Shuningdek, mavzular bo`yicha kichik ishchi guruhlarda ma`ruzalar yuzasidan o`zaro fikr almashildi. Mazkur yig`ilishlarda ellikdan ortiq ishtirokchi – xalqaro tashkilotlar, davlat organlari, parlament vakillari, sud-huquq idoralari xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari inson huquqlarini himoya qilish yuzasidan o`z taklif va tavsiyalarini bayon etdi. Tadbir tashkilotchilari ushbu fikrlarni forumning yakuniy hujjati – Inson huquqlari bo`yicha Samarqand deklarasiyasini tayyorlashda e`tiborga oldi va ular hujjatda aks etdi. Anjuman qatnashchilari Osiyo forumi o`z vaqtida tashkil etilgani va unda inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha dolzarb masalalar muhokama etilganini qayd etdi.

BMT Inson huquqlari bo`yicha Oliy komissarining maxsus vakili Adam Abdelmula Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligi munosabati bilan o`tkazilgan ushbu forum sohada faoliyat olib borayotgan milliy institutlar, xalqaro ekspertlar uchun o`zaro fikr va tajriba almashish, 2030 yilgacha Barqaror rivojlanish maqsadlarini ro`yobga chiqarish uchun vazifalarni belgilab olishda muhim ahamiyat kasb etganini ta`kidladi. Shu sababli mazkur forumni an`anaviy tarzda o`tkazish taklifini bayon etdi.

20.JPG

EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottir, BMTning O`zbekistondagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi, BMT Taraqqiyot dasturining doimiy vakili Xelena Freyzer ham forum muvaffaqiyatli o`tganini qayd etib, unda bildirilgan fikrlar Osiyo mamlakatlarida inson huquqlarini himoya qilish sohasida dolzarb vazifalarni belgilab bergani bilan ahamiyatli bo`lganini ta`kidladi.

EXHTning O`zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor forumda muhokama etilgan masalalar muhimligiga e`tibor qaratib, asosiy vazifa ularni amalga oshirish ekaniga urg`u berdi.

– Biz inson huquqlari sohasida harakatdan to`xtamasak, oldimizga qo`ygan maqsadlarga erishamiz, – dedi Jon Makgregor. – Ikki kun davomida barchamizning diqqat markazimizda turgan masalalar, o`ylantirgan savollarga qaysidir ma`noda javob topdik, qanday harakat qilishimiz lozimligini angladik. Gap inson haq-huquqlarini ta`minlash, millat kelajagiga qaratilgan ana shu maqsadlar sari intilishda. Barchamiz uchun millat kelajagidan muhim mavzu yo`q. Mazkur forum ham O`zbekiston, umuman, Osiyo mamlakatlarida inson huquqlari sohasidagi islohotlarni yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi. Biz bu borada O`zbekistonda olib borilayotgan ishlarni tashkilotimizga a`zo davlatlarga ibrat qilib ko`rsatamiz.

Forum qatnashchilari ikki kunlik muhokamalar yakunlari yuzasidan Inson huquqlari bo`yicha Samarqand deklarasiyasini qabul qildilar. Ushbu hujjat Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi va Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan vazifalarni yanada samarali bajarishga xizmat qilishi e`tirof etildi.

Osiyo forumi doirasida Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va EXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo`yicha byurosi direktori Ingibyorg Solrun Gisladottirning uchrashuvi o`tkazildi. Unda ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama etildi.

Forum ishtirokchilari uchun Samarqandning tarixiy obidalari va diqqatga sazovor maskanlariga sayohat uyushtirildi.

58.JPG

56.JPG

    Boshqa yangiliklar