Maxsus reja-dasturga ko`ra joriy yilning noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha bo`lgan davrda talabalarni muzeylarga jalb etish ishlari amalga oshiriladi, deb yozmoqda O`zA.
Qadimiy an`analarimiz, azaliy odatlarimizni tiklash va yoshlarning madaniy saviyasini oshirish, ularni milliy va umumbashariy madaniyatning eng yaxshi namunalaridan bahramand etishda muzeylarning o`rni beqiyos.
Shu bois, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda O`zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan talabalarni muzeylarga jalb qilish bo`yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Toshkent shahridagi oliy ta`lim muassasalari talabalarining mashg`ulotlardan bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning tariximizga oid bilimlarini yanada oshirish maqsadida haftaning har juma kuni muzeylar aksiyasi yo`lga qo`yildi. Ijtimoiy aksiyaga ko`ra maxsus reja-dastur tasdiqlangan bo`lib, joriy yilning noyabr oyidan 2020 yilning aprel oyigacha bo`lgan davrda talabalarni muzeylarga jalb etish ishlari amalga oshirilishi belgilangan.
Ushbu aksiya doirasida O`zbekiston tarixi davlat muzeyi bugun talaba-yoshlar bilan gavjum bo`ldi.
– Bu erda muzey eksponatlarini tomosha qildik, mamlakatimiz tarixi haqida qiziqarli ma`ruzalarni tingladik, zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlangan intellektual mashg`ulotlarda ishtirok etdik, – deydi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi Zuhra Po`latova. – Shuningdek, ko`rganlarimiz hulosalari asosida ijodiy ishlar yozishni maqsad qilganmiz. O`ylaymanki, bunday tashkiliy ishlar bizning nafaqat madaniy xordiq olishimizga, balki nazariy va amaliy bilimlarimizni chuqur egallashda ham qulay fursat bo`ladi, deb ishonaman.
24.11.2018 04:52
2020 yilning aprel oyigacha talabalar muzeylarga jalb etiladi






