Asli, bu haqda yozish niyatim yo`q edi...
To`g`ri-da, so`nggi yillar yurtimizda ushbu kasb egalarining azaliy obro` va nufuzi tobora tiklanib, mustahkamlanib, ular uchun ko`plab imtiyoz va sharoitlar yaratilayotgan, qo`yingki, ularning kosasi oqarib, ko`ksiga oftob tegib turgan, qolaversa, yaqin-yaqingacha majburiy mehnatga keng jalb etilgan ziyo tarqatuvchilar endilikda o`z nomi va maqomiga xos tarzda emin-erkin, o`zgacha kuch-g`ayrat, shijoat bilan ishlayotgan, eng muhimi, davlatimizning katta e`tibori ularga qaratilgan bir paytda mavzu haqida e`tirof-u tasannodan boshqa nima ham yozish mumkin?
Afsuski, doim tanganing ikki tomoni bo`lganki, hech biridan ko`z yumishning aslo iloji yo`q. Qiziquvchanlik emasmi, odatga ko`ra, har kuni ertalabdan internet saytlari tarqatgan axborot va yangiliklar bilan tanisharkanman, ko`ngilni g`ash qilgan ayrim xabarlar yuqoridagi mavzu borasida jiddiyroq o`ylab ko`rmoq, boshqalarni ham shunga chaqirmoqqa undaydi:
...Samarqand viloyati Urgut tumani Beshyog`och qishlog`ida 30 oktyabr kuni soat 22:30 atrofida shu qishloqda yashovchi 1993 yilda tug`ilgan M.M va 1998 yilda tug`ilgan Sh.M. 15-umumta`lim maktabi direktori Anvar Yunusovga og`ir tan jarohati etkazgan. Hodisa oqibatida 1986 yilda tug`ilgan Anvar Yunusov voqea joyida hayotdan ko`z yumgan...
...Shu yilning 27 oktyabrida poytaxtimizning Uchtepa tumanidagi 236-maktabda noxush voqea ro`y berdi. Maktabning 11-“A” sinfida tahsil olayotgan bir guruh o`quvchilar tarix fani o`qituvchisini do`pposlagan. Oqibatda o`qituvchi engil tan jarohati olishiga sabab bo`ldi.

...Toshkent shahri Yakkasaroy tumanidagi 60-umumta`lim maktabi fizika fani o`qituvchisi D.R. o`quvchi qizlardan biriga po`pisa qilgan-u, baloga qolgan. 10-sinf o`quvchisi M.A. go`yo sinfdoshining yonini olib, muallimni kaltaklagan.
Xalq ta`limi vazirligi mas`ul xodimlari ushbu voqea haqiqatan sodir bo`lgani, tez fursatda muammo ijobiy hal etilganini bayon qilishgan...
Pedagogning sha`ni, hurmati va obro`sini toptaydigan bunday voqealar ko`ngilni og`ritibgina qolmay, har birimiz uchun hayot-mamot masalasi bo`lgan, ko`pchiligimiz oxirgi paytda jilovini o`z holiga tashlab qo`ygan farzandlarimizning bugungi tarbiyasidan asosli xavotir olishga majbur etadi.
Qaysi davrda yashayapmiz, o`zi, degan savol tinchlik bermaydi kishiga. Yurtimizda yosh avlodni har tomonlama sog`lom va barkamol qilib voyaga etkazish yo`lida olib borilayotgan salmoqli ishlar, nahotki, to`laqonli natija bermayapti? Ustozga qo`l ko`tarishdek gunohi azim odatiy hol bo`lib qoldimi?
Xalqimizda “Ustoz otangdek ulug`” degan maqol bor. Bu degani – otangni qanday ko`rsang, uni qancha e`zozlab, boshingga ko`tarsang, ustozni ham shunchalik ardoqlashing lozim. Qadimda o`z farzandini ustoz qo`liga topshirgan otaning ”Eti sizniki, suyagi bizniki” degan iltifotli so`zlari mohiyatida ham bolaning chuqur ilm olishidan ko`ra, ustozga bo`lgan yuksak ishonch, cheksiz hurmat va ehtirom ustun bo`lgan.
Bugun-chi? Bugun nima bo`lyapti?

Ota o`g`liga bitta oilani salkam yarim yil boqishga etadigan pulga uyali telefon olib beryapti. Evaziga bola telefoni orqali internetga kirib, turli nojoiz saytlar, kanallar va guruhlardan milliy ahloq me`yorlariga zid video yoki ma`lumotlar izlayapti. Oqibatda uni na ilm-ma`rifat, na pand-nasihat o`zgartiryapti, o`ziga tortyapti. Yoki ona tor shim, kalta ko`ylak kiygan qizini “o`zimning farishtam”, deya erkalayapti. Bunga javoban, qiz kutubxonada o`tirib ilm olishdan ko`ra supermarket-u bozor aylanishni afzal bilyapti. Qaysidir oilada kunda-kunora ota uyiga ichib kelgan, janjal ko`targan. Boshqa bir xonadonda ona o`tgan yili uzatilgan qiziga beshik, kuyovga bosh-oyoq sarpo jo`natamiz, deb, eriga xarxasha qilgan. Azbaroyi, zada bo`lgan farzand esa alamini maktabdan, yana kimsan – ustozdan olyapti. Uning burnini qonatib, go`yo sinfdoshlari orasida “ochko” olyapti. Eng yomoni, bu bilan o`zini “davr qahramoni” hisoblayapti. Oiladagi ma`naviy hayotning ahvoliki, shunchalar abgor bo`lgach, hali ko`p narsaga aqli etmaydigan oddiy maktab o`quvchisidan yana nima kutish mumkin?
Istaymizmi-yo`qmi, hayotda ko`p narsa oilaviy muhitga bog`liq. Ziyoli, madaniyatli, farzandlar kelajagini o`ylagan oilada tarbiya topgan bolaning maktabda biror nojo`ya xatti-harakat sodir etganini kim ko`rgan? Olma daraxti tagiga olma to`kilgani kabi bunday odamning farzandi egri ko`chadan yiroq, yomon ko`zdan panada, umrini ko`cha-ko`yda sang`ib o`tkazadigan bezori tengdoshlaridan nari. Vaqtini hamisha oila davrasida, ilm muhitida o`tkazadi ular.
Shu o`rinda joriy yil oktyabr oyi o`rtalarida Qrimning Kerch shahrida politexnika kolleji o`quvchisi tomonidan sodir etilgan dahshatli qotillik esga tushadi-yu, ko`ngil battar xijil tortadi.
...Kollej o`quvchisi Vladilav Roslyakov uyushtirgan portlash va otishma oqibatida 16 nafar talaba, 5 nafar kollej xodimi halok bo`lgan, 50 dan ortiq kishi jarohatlangan. Uning qo`lidagi qurol Turkiyada ishlab chiqarilgan Khan Arms A-Tac Tactical pump avtomati ekanligi ma`lum bo`lgan. Internet foydalanuvchilari Roslyakovning tashqi ko`rinishi Koloradodagi “Kolumbayn” maktabida ommaviy qotillik sodir etgan salbiy qahramonga juda o`xshab ketishiga e`tibor qaratishgan.
Bunga internetning aloqasi yo`q, “o`rgimchak to`ri” ham ma`naviy immuniteti bo`sh bolaga ta`sir etadi, deysizmi? Yo`q, shoshilmang! Zero, XXI asrga kelib, maxsus guruhlar tomonidan yaratilayotgan “zamonaviy” saytlar har qanday immun tizimini izdan chiqarish yo`lida jon-jahdi bilan tirishmoqda.
Ta`kidlash lozim, so`nggi vaqtda yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tufayli o`qituvchilarning hayoti va faoliyatida ko`plab ijobiy o`zgarishlar, yangilanishlar yuz berdi. Jumladan, o`qituvchilarni tuman va shaharlar hududlarini obodonlashtirish, mavsumiy qishloq xo`jaligi va boshqa turdagi ishlarga jalb etish taqiqlangani katta yangilik bo`ldi. Endilikda pedagoglar kasbiy faoliyati bilan bog`liq bo`lmagan yig`ilishlarga ham jalb etilmaydi.
Bir so`z bilan aytganda, bugungi o`qituvchi jamiyatning ilg`or qatlamiga aylanib bormoqda.
Xo`sh, davlatimiz tomonidan o`qituvchilar obro`-e`tiborini yuksaltirish maqsadida shuncha xayrli ish qilinayotgan bir paytda nima uchun boshqalar, deylik, mahalla, oila, davlat va jamoat tashkilotlari, asosan, tomoshabin bo`lib turishibdi. Nega har birimiz o`qituvchining obro`si, sha`ni, hurmat-izzatini oshirish haqida jiddiy o`ylamayapmiz? Nega ularni ona suti og`zidan ketmagan o`quvchiga kaltaklatib, qo`pol bo`lsa ham talatib qo`yyapmiz?
Xulosa o`rnida ibratli bir rivoyat yodga tushadi. Imom Buxoriy hazratlari Makkai Mukarramada ta`lim berayotgan chog` bir ziyoratchi Buxorodagi ustozidan salom bilan birga, maktub ham keltiradi. Xabardan quvongan Imom Buxoriy o`z yurti tomon yuzlanib, ustozi salomiga alik olgan holda, hurmat bajo keltiradi. So`ngra maktubni ikki qo`llab olib, ehtirom bilan o`qiydi.
Biz buyuk ajdodlarimizning yuksak insoniy fazilatlaridan o`rnak olishni yaxshi ko`ramiz. Bas, bu borada yana bir bor jiddiy o`ylab ko`rish fursati keldi.
Tohir Shomurodov






