AsosiyJamiyat

Aholidan tushgan 8 milliondan ziyod murojaatga malakali tibbiy xizmat ko`rsatildi

'Aholidan tushgan 8 milliondan ziyod murojaatga malakali tibbiy xizmat ko`rsatildi'ning rasmi

Bugun yo`llarimizda tez-tez ko`zga tashlanayotgan “Hyundai”, “Nissan” va “Toyota” rusumli zamonaviy reanimobillarni ko`rgan har bir inson o`zi va yaqinlari sog`lig`i davlatimizning mustahkam himoyasida ekaniga ishonchi ortadi.

Ma`lumotlarga ko`ra, 2018 yilning o`tgan 11 oy davomida shoshilinch tibbiy yordam xizmatiga aholidan 8 milliondan ko`proq murojaat tushgan. Ularning 7 milliondan ko`prog`iga tez tibbiy yordam tizimi orqali tibbiy xizmat ko`rsatildi. Bir milliondan oshiq bemor esa respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarida stasionar va ambulator sharoitda davolandi, deyiladi Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabarida. Ushbu raqamlar shoshilinch tibbiy yordam xizmatining inson hayoti va salomatligini asrashda o`rni nechog`lik muhimligini yaqqol ifoda etadi. Shu bois, sog`liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar jarayonida ushbu soha rivojiga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Xususan, keyingi yillarda davlat byudjetidan soha uchun 1269 ta ixtisoslashtirilgan avtotransport xarid qilindi va hududlarning ushbu texnikaga bo`lgan ehtiyoji to`liq qoplandi, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan ta`minlash 3 barobarga ko`paydi. Ya`ni, bugungi kunda har bir chaqiriq uchun minimal xarajatlar 5000 so`m miqdorida belgilandi. Bu ko`rsatkich 2016 yilda 748 so`mni, 2017 yilda 1627 so`mni tashkil etardi.

Prezidentimizning 2018 yil 25 yanvarda qabul qilingan “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bu yo`nalishda aholiga ko`rsatilayotgan tibbiy xizmatning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga tatbiq etishda muhim dasturilamal bo`lmoqda.

– Mazkur qarorda shoshilinch tibbiy yordam xizmatining moddiy-texnika salohiyatini yanada yuksaltirish borasida ham talay vazifalar belgilangan edi, – deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Davron Sultonov. – Xususan, tez tibbiy yordam mashinalarining kamida 10 foizini maxsus reanimasiya mashinalari tashkil etishi belgilangan edi. Bugungi kunga kelib tez tibbiy yordam xizmatining avtoparki ushbu mezon darajasiga ko`tarildi. Ya`ni, tez tibbiy yordam mashinalarining 10 foizini zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlangan, xorijda ishlab chiqarilgan “Hyundai”, “Nissan” va “Toyota” rusumli reanimobillar tashkil etmoqda. Ushbu avtotransportlar shoshilinch vaziyatlarda tez va samarali tibbiy yordam ko`rsatishga xizmat qiladigan zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.

Ayni paytda, Prezidentimizning 2018 yil 16 oktyabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori asosida tez tibbiy yordamning avtotransport parkini yanada zamonaviylashtirish, tez tibbiy yordam mashinalarini rasiyalar bilan jihozlash, Call-markazlar faoliyatini rivojlantirish, tibbiyot xodimlari etib kelgunga qadar va shifoxonagacha bo`lgan bosqichda tibbiy yordamni takomillashtirish, kadrlar malakasini oshirish, diagnostika va davolash amaliyotiga yangi texnologiyalarni joriy etish ishlari davom etayapti. Shuning bilan bir qatorda, endilikda tez tibbiy yordam xizmatini aviasiya texnikasi bilan ta`minlash chora-tadbirlari ham ko`rilayotir.

    Boshqa yangiliklar