AsosiyJamiyat

Sog`liqni saqlash vazirligi: Sergelidagi chaqaloqning vafotiga emlash sabab bo`lmagan

'Sog`liqni saqlash vazirligi: Sergelidagi chaqaloqning vafotiga emlash sabab bo`lmagan'ning rasmi

Sergeli tumanida yashovchi E. X. farzandining vafoti yuzasidan Toshkent shahar sog`liqni saqlash bosh boshqarmasining mutaxassislari tomonidan tekshiruv olib borildi. Unda E.X.ning farzandiga emlashning to`g`ri qilinganligi, uning standartlarga mosligi, miqdori va muddati kabi jihatlari ham chuqur o`rganib chiqildi.

Sog`liqni saqlash vazirligi Axborot xizmati xabariga ko`ra, bola 2018 yil 24 avgustda Sergeli tumani 10-oilaviy poliklinikada bolalar shifokori N.Rasulova tomonidan tibbiy ko`rikdan o`tkazilgan va reja asosida 2 oylikdagi emlashga ruxsat berilgan. O`sha kuni bolaning onasi E.X farzandiga poliomielit va pnevmokokkga qarshi vaksinalarni olgan. Emlash maxsus ruxsatnomasi bo`lgan hamshira M. Salikova tomonidan amalga oshirilgan.

Oradan ikki kun o`tib, ya`ni 26 avgust, soat 11.00 larda bolaning tana harorati 38,5 darajaga ko`tarilgani kuzatilganligi uchun tez yordam chaqirilgan hamda bemorga birinchi tibbiy yordam ko`rsatilib, 3-shahar bolalar klinik shifoxonasiga olib borilgan. Nevropatolog shifokor Sh.Nasrullaev tibbiy ko`rikdan o`tkazib, “Talvasa sindromi. Somatogen asoslangan. Bosh miya shish xavfi” tashxisi qo`yilib, muolaja qilingan. Ammo 28 avgust kuni soat 19.30da bola ahvoli og`irlashavergach Respublika Shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi (RShTYoIM)ning bolalar reanimasiyasi bo`limiga o`tkazilgan. Bolaga kerakli davo choralari ko`rsatilishiga qaramay, bemor 30 avgust kuni soat 24.00da markazda vafot etgan.

Mutaxassislarning xulosasiga ko`ra, bolaning o`limiga emlash sabab bo`lmagan.

“24 avgust kuni Sergeli tumanidagi 10-oilaviy poliklinikada jami 128 nafar bola emlangan. O`tkazilgan tahlillar nafaqat ushbu bolada, balki emlanganlarning birortasida ham emlashdan so`ng yuz berishi mumkin bo`lgan noxush holatlar kuzatilmaganligini ko`rsatdi. Ta`kidlash joizki, mamlakatimizda har oyda 2 yarim million nafar bola milliy emlash kalendari asosida vaksinalar bilan emlanadi va ularning emlashdan keyingi holati doimiy ravishda o`rganib boriladi. Eng muhimi, yurtimizda shu paytgacha ushbu vaksinalar bilan bog`liq salbiy holatlar biror marta bo`lsa-da, ro`yxatga olinmagan. Jumladan, poliomielit va pnevmokokk vaksinalariga umuman tibbiy cheklov yo`q, ular o`lim bilan bog`liq asoratlarni umuman keltirib chiqarmaydi. Bu Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining nufuzli ekspertlari tomonidan o`tkazilgan ilmiy tadqiqotlarda ham isbotlangan”, – deydi Sog`liqni saqlash vazirligi Sanitar epidimiologiya nazorati bosh boshqarmasi boshlig`i Dilmurod Mirzaboev.

Bundan tashqari, emlash ishlarini amalga oshirishda foydalaniladigan, jahon tibbiyoti amaliyotida keng qo`llanilayotgan samarali emlash vositalari BMTning Bolalar fondi – YuNISEF va boshqa xalqaro tashkilotlar sertifikati asosida mamlakatimizga olib kelinib, tegishli tartibda qayta tibbiy-laborator sinovlardan o`tkaziladi. Ular Sog`liqni saqlash vazirligi tomonidan sertifikat bilan kafolatlanadi va sovuqlik zanjiri tizimiga rioya etilgan holda joylardagi emlash punktlariga etkaziladi. Emlash muolajalari shahar va tumanlarda aholiga biriktirilgan oilaviy poliklinika, chekka joylarda esa qishloq oilaviy poliklinikalarida malakali shifokor ko`rigidan o`tilgach, maxsus o`qitilib, tegishli ruxsatnoma olgan hamshiralar tomonidan bepul amalga oshiriladi.

Kuni kecha poytaxtimizda tashkil etilgan “Barqaror rivojlanish maqsadlari davrida O`zbekistonda sog`liqni saqlashni isloh qilish” mavzusida xalqaro konferensiyada ham Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining Evropa mintaqaviy byurosi direktori Jujanna Yakab yurtimizdagi emlash borasida sa`y-harakatlarni yuksak baholadi. Immunizasiya yoki vaksinasiya borasidagi ishlarga qaratilayotgan etibor, hattoki, Evropaning rivojlangan mamlakatlarida ham amalga oshirilmaganini aytib o`tdi. Shunday ekan, sog`lom farzand tarbiyasiga mas`ul har bir ota-ona emlash kalendarida ko`rsatilgan muddatlardan kechiktirmay farzandlarini emlatishlari zarur.

Yuqoridagi vaziyat, ya`ni bolaning vafoti yuzasidan tibbiyot xodimlarining xatti-harakatlari, bolaga tashxis qo`yish va davolash jarayoni vazirlik mutaxassislar hamda huquq-tartibot organlari tomonidan chuqur o`rganilmoqda.

    Boshqa yangiliklar