Siz fake-news, ya`ni yolg`on xabar nima ekanini bilasizmi? Bu yolg`on va tasdig`ini topmagan xabarlar.
Bunday yolg`on xabarlar mualliflari sizning diqqat e`tiboringizni o`ziga jalb qilish hayajoningizni qozonish va vaqtingizni yolg`on muammoni muhokama qilish va uni o`z tanishlarinngiz orasida tarqatishni – o`zlariga maqsad qilib olgan.
Mana bu skrinshotta ko`rib turgan xabaringiz – aynan shunday xabarlardan. Agar menga shunaqa xabar jo`natishsa men uni darhol IIBBga yo`llayman. Ularning matbuot xizmati juda yaxshi ishlaydi.

IIBB xabariga ko`ra, oxirgi vaqtlarda yuqoridagi xabarda ko`rsatilgan Uchtepa tuman IIBBiga hech kim murojaat qilmagan. Ya`ni “men hozir IIBga ketayapman” deb yozgan ushbu xabar muallifi aslida hech qaerga bormagan.
Ushbu xabar faqat bir maqsad yo`lida – ijtimoiy tarmoqlardagi biror sahifani targ`ib qilish, ko`p sonli izohlar hisobidan sayt reytingini oshirishga qaratilgan bo`lgan.
Ana shunday yolg`on, vahimali xabarlardan saqlanish uchun quyidagilarga amal qiling:
- Har qanday ma`lumotni qayta-qayta tekshiring.
- Notanish odamlar chop etgan tekshirilmagan ma`lumotlarni tarqatmang.
- Yordam so`rash maqsadida biror telefon raqami ko`rsatilgan bo`lsa, unga telefon qilib rostdan ham yordam kerakmi yo`qmi - aniqlang.
- Agar yo`qolib qolgan bola haqida ma`lumot rasmi bilan berilgan bo`lsa uni Yandeks yoki Google‘ning orqali tekshiring.
- Agar yordam puli yig`ish maqsadida bank kartasi nomeri ko`rsatilgan bo`lsa uni ham Yandeks yoki Google orqali tekshiring.
- Keltirilgan har qanday matnni – antiplagiat onlayn xizmatlari orqali tekshiring. Masalan Advego.ru yoki Text.ru saytlari orqali. U erda siz aynan ushbu matn oldin biror saytlarda ishlatilganmi yo`qmi bilib olishingiz mumkin.
- Post muallifiga aniq savollar bering, kimga murojaat qilishgani, qanday natija bo`lgani haqida. Agar ular o`ylab-o`ylab, noaniq javob qaytarsa – demak bu yolg`on xabar bo`lishi ehtimoli katta.
Xullas, biror xabarni muhokama qilishdan oldin – uni haqiqiyligini tekshirib ko`ring!






