AsosiyJamiyat

Senator Sirdaryodagi "fermerlar qasamyodi"ga munosabat bildirdi

'Senator Sirdaryodagi "fermerlar qasamyodi"ga munosabat bildirdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati a`zosi, O`zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o`rinbosari Maqsuda Vorisova bir necha kun muqaddam Sirdaryo viloyati tumanlarida fermerlarning qasamyod qabul qilgani haqida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi:

"Mamlakatimizda aholi farovonligini ta`minlash, munosib hayot sharoitlarini yaratish, jamiyatimizda demokratik tamoyillarni tatbiq etish uchun izchil, tizimli ishlar olib borilmoqda. Ishlab chiqarishning har bir yo`nalishiga ilg`or texnika va texnologiyalarni olib kirish, innovasiya yaratishni davrning o`zi talab qilmoqda.

Shu jumladan qishloq xo`jaligida ham mahsulotlarni jahon bozoriga olib chiqish, mamlakatga daromad keltirish, davlatni ham fermerni ham boy qilish maqsad muddaoga aylangan.Shu kunlarda Sirdaryo viloyatida bo`lib o`tgan “fermerlar qasamyodi” ham aslida yuqorida keltirilgan maqsadga erishish niyatida amalga oshirilgan. Lekin, bu qanchalik to`g`ri bo`ldi va bu qasamyod bilan qishloq xo`jaligidagi bugungi ahvolni yaxshilab bo`ladimi?

“Qasamyod – harbiy yoki boshqa shu turdagi xizmatga kirayotganda, ma`lum bir statusni olayotganda (masalan, fuqarolik olayotganda yoki sudda guvohlik berayotganda), lavozimga tayinlanayotgandagi rasmiy va tantanali ont ichish marosimi. Qasamyod faqat ommaviy tarzda (omma ko`z o`ngida) amalga oshiriladi va qasamyod qiluvchiga uni – qasamyodni ado etmagani uchun yuridik javobgarlikni yuklaydi”.

Demokratik tuzumlarda qasamyod mas`uliyat hajmi ulkan bo`lgan, mas`uliyatsizlik oqibatida jamiyat katta talafot ko`rishi mumkin bo`lgan holatlarda hamda sudda – haqiqatni yuzaga chiqarishga safarbar etilgan idoradagina qo`llanadi.Amaldagi qonunchilikka ko`ra fermer bu tadbirkor. U qishloq xo`jalik mahsulotlari etishtiradi va o`z faoliyatini bozor talablari asosida yuritishi kerak. Fermerga qasam ichirish bilan biz unga “ma`naviy cheklov” qo`ymoqdamiz, dehqonni qasamga tayantirish jamiyatimiz rivoji uchun foyda keltiradimi yoki zarar?

Bu holat raxbariyat oldida “yangilik” yaratib obro` olishga urinish emasmi?Qishloq xo`jaligidagi salbiy holatlar sanoqli bo`lsa barchaga “ommaviy” qasam ichirish zarurmi? Agar bunday holatlar ko`p bo`lsa, unda ularni keltirib chiqargan sabablarni tahlil qilish, tizimli choralar ko`rilishi kerak-ku!

Mening fikrimcha fermerlarimizning bu yilgi noqulay sharoitda mo`ljaldagi hosilni etishtira olmaganligi uchun nafaqat ob-havo yoki dehqonning dangasaligi, uddaburon emasligi aybdor emas, balki ishni tashkil qilishdagi tizimli kamchiliklarimiz sabab bo`lgan. Tumanlarda bo`lib fermerlar, tajribali dehqonlar bilan suhbatlashib quyidagi sabablarni aniqladik. Ya`ni, fermerlarda zarur darajada bilim etishmasligi, texnikalar eskirgani yoki etishmasligi, erning meliorativ holatini to`g`ri baholay olmaslik va unga chora ko`rishdagi nochorlik, fermer xo`jaliklarning aksariyatida agronomlar etishmasligi, urug`chilikning achinarli ahvoldaligi, sug`orish ilmi unutilib borayotgani, suv taqsimotidagi xatoliklar va yana bir qator.

Menimcha, qishloq xo`jaligidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish uchun avvalo yuqorida keltirilgan kamchiliklarni qanday yo`qotish mumkin degan savolga javob topish kerak. Balki mayda fermer xo`jaliklaridan uyushma tashkil etib, ularda ish boshqaruvchi, agronom, buxgalter, traktorchi, suvchi kabi zarur lavozimlar joriy etilishi moliya ishlaridagi, agronomiya ishlaridagi, umuman ishni tashkil etishdagi kamchiliklarni oldini olar. Mana shunday fermer- dehqon uyushmalariga tajribali insonlar boshchilik qilsa fermerlarning mas`uliyat hissi bir qancha ko`tarilar?Bu mening shaxsiy fikrlarim, mutaxassislardan bu mavzuda takliflar berishlarini kutib qolaman".

Eslatib o`tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatining barcha tumanlarida fermerlarning qasamyod qabul qilish marosimi bo`lib o`tgani haqida xabar berilgandi.

    Boshqa yangiliklar