AsosiySiyosat

Prezident neft-gaz sanoatidagi ishlar holati bo`yicha yig`ilish o`tkazdi

'Prezident neft-gaz sanoatidagi ishlar holati bo`yicha yig`ilish o`tkazdi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 20 noyabr kuni neft-gaz sanoatidagi ishlar holatini muhokama qilish va sohani yanada rivojlantirish masalalari bo`yicha yig`ilish o`tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Neft-gaz sanoati mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o`rin egallaydi. Ushbu soha nafaqat energiya manbai, balki ko`plab tarmoqlar uchun zarur bo`lgan polimerlar, organik kimyoviy moddalar hamda azotli mineral o`g`itlarni ishlab chiqarishda asosiy xomashyo bazasi hisoblanadi.

Keyingi ikki yilda sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida gaz qazib chiqarish hajmi 10 foizga ortdi, aholiga 15 foizga ko`p tabiiy gaz va 1,6 barobarga ko`p suyultirilgan gaz etkazib berildi.

Shu davrda neftni qayta ishlash zavodlarida qo`shimcha 204 ming tonna neft mahsulotlari ishlab chiqarilib, ichki bozorda benzin, dizel yoqilg`isiga bo`lgan talab qondirib kelinmoqda.

Sho`rtan va Ustyurt gaz-kimyo komplekslarida joriy yilning o`zida gazga nisbatan qo`shilgan qiymati 4 barobar ko`p bo`lgan qariyb 700 million dollarlik polietilen va polipropilen ishlab chiqariladi.

Neft-gaz sohasini yanada rivojlantirish uchun 2030 yilgacha geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, uglevodorodlarni qazib chiqarish va chuqur qayta ishlash bo`yicha umumiy qiymati 36,5 milliard dollarlik 30 ta investisiya loyihasini amalga oshirish belgilangan.

Uglevodorodlar zaxirasini ko`paytirish bo`yicha aniq choralar ko`rilmasa, yaqin 10-15 yilda mavjud zaxira 2 barobarga kamayadi.

Shu bois, yig`ilishda «O`zbekneftgaz» jamiyati rahbariyatiga geologiya-qidiruv ishlari va qazib olish hajmini oshirish, konlarni modernizasiya qilish va yangilarini ochish, neft-gaz xomashyosini chuqur qayta ishlash, investisiyalarni ko`paytirish bo`yicha topshiriqlar berildi. Jahon tajribasi asosida bu ishlarga investorlarni kengroq jalb qilish, davlat va investorlar manfaatini himoya qilishni ta`minlaydigan yangi mexanizmlar ishlab chiqish vazifasi qo`yildi.

Shuningdek, 2017-2021 yillarda uglevodorod xomashyosini qazib olish dasturining ikkinchi bosqichini amalga oshirish va uni moliyalashtirish bo`yicha joriy yil yakuniga qadar takliflar kiritish topshirildi.

Magistral gaz quvurlari va gaz taqsimot tizimining asosiy qismi ta`mirtalab holatga kelgan. Kelajakda iste`molchilarni kafolatlangan tabiiy gaz bilan ta`minlash maqsadida magistral gaz transport tizimini modernizasiya qilish hamda gaz oqimini boshqarish (SCADA) tizimini joriy etish bo`yicha 1,6 milliard dollarlik loyiha amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, gaz taqsimot tizimini modernizasiya qilish, gaz iste`molini hisobga olish va nazorat qilish tizimi tizimini joriy etish loyihalariga xorijiy investisiya va kreditlarni jalb qilish bo`yicha topshiriqlar berildi.

Bungi kunda tabiiy gazning atigi 2 foizi chuqur qayta ishlanib, yuqori qo`shilgan qiymatli mahsulotlar olinayotgan bo`lsa, kelgusi 10 yilda bu ko`rsatkichni 7 barobar oshirish imkoniyati bor. Shuning uchun «O`zbekneftgaz» jamiyati neft va gaz kimyo yo`nalishiga ustuvor ahamiyat qaratishi zarurligi ta`kidlandi.

Jumladan, aromatik uglevodorodlar (benzol, toluol, ksilol), metanoldan olefin olish texnologiyasi asosida yangi mahsulotlar – polistirol, polietilentereftalat va sintetik kauchuklar ishlab chiqarish, polietilen va polipropilen ishlab chiqarishni ko`paytirish imkoni mavjud. Ushbu loyihalarni amalga oshirishga 9 milliard dollar atrofida mablag`lar jalb qilinishi lozim.

Shuning uchun Evropa mamlakatlari, Yaponiya, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklaridagi yirik kompaniyalarning to`g`ridan-to`g`ri investisiyalarini jalb etish va loyihalarni amalga oshirish strategiyasi ishlab chiqiladi.

Yig`ilishda «O`zbekneftgaz» jamiyati boshqaruv tizimi murakkab va ko`p pog`onali bo`lgani sababli sohada islohotlar amalga oshirilishi sust kechayotgani tanqid qilindi.

Boshqaruv tizimini takomillashtirish maqsadida «O`zbekneftgaz» jamiyatining tashkiliy tuzilmasini optimallashtirish, tarmoqqa oid bo`lmagan tashkilotlarni tizimdan chiqarish bo`yicha ko`rsatmalar berildi. Xususan, takrorlanuvchi funksiyalarni bajaruvchi boshqaruv bo`g`inlarini qisqartirish, tarmoqdagi servis korxonalarini hamda yordamchi ishlab chiqarishlarni davlat-xususiy sheriklik asosida investorlarga berish kerakligi ta`kidlandi.

Sohadagi to`rtta ilmiy-tadqiqot, izlanish va loyihalashtirish institutlari negizida milliy neft-gaz ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etib, uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash bo`yicha innovasion echimlar topish va tatbiq etishga alohida e`tibor qaratish vazifasi qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar