AsosiyJamiyat

O`zbekistonda is gazini aniqlovchi yangi qurilma yaratildi

'O`zbekistonda is gazini aniqlovchi yangi qurilma yaratildi'ning rasmi

O`zbekistonda is gazini aniqlovchi yangi qurilma yaratildi. Bu haqda Milliy matbuot markazida o`tkazilgan anjumanda ma`lum qilindi, deb yozadi «Xalq so`zi Online».

O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbirda kuz-qish mavsumida aholi xonadonlarida isitish tizimi va yoqilg`i mahsulotlaridan foydalanish xavfsizlik talablariga rioya etilishini ta`minlash hamda bu borada yuzaga kelishi mumkin bo`lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish kabi masalalar muhokama qilindi.

Anjumanda is gazidan zaharlanish bilan bog`liq turli ko`ngilsiz hodisalarning oldini olish maqsadida yaratilgan qurilmaning afzalliklar xususida ham batafsil ma`lumotlar berildi.

«Ushbu qurilmani Namangan viloyatida ishlab chiqarish yo`lga qo`yildi. Qurilmaning afzallik jihatlari ko`p. Misol uchun, u xonadonning maxsus isitish tizimiga o`rnatiladi. Agarda uyda biror sabab bilan metan, propan va boshqa is gazlari chiqadigan bo`lsa, qurilma ishga tushib, uni aniqlab beradi hamda signal chala boshlaydi», — deydi «Aholini is gazidan zaharlanish va yong`inning oldini olish» mas`uliyati cheklangan jamiyati direktori Husanboy Yunusov.

Yana bir foydali tomoni shundaki, agarda xonadonda is gazi paydo bo`lgan paytda uyda hech kim bo`lmasa, qurilma gazni tarmoqdan avtomatik ravishda o`chiradi. Qurilma elektr energiyaga ulangan holda ishlaydi. Shu orqali u elektr quvvatini o`zida jamlaydi. Bu esa qurilma elektr energiyasi tizimdan uzilgan hollarda ham 24 soat ishlab turish imkonini beradi.

Mutaxassislarning aytishicha, ayni paytda qariyb mingga yaqin ana shunday qurilma ishlab chiqarilgan bo`lib, dastlab 20 tasi Toshkent shahar IIBB ob`ektlariga o`rnatilgan. Kelgusida uni aholi xonadonlarida ham foydalanish maqsadga muvofiq ekani ta`kidlandi. Qurilmaning o`rtacha narxi 195 ming so`m atrofida.

    Boshqa yangiliklar