O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida xalqaro harbiy hamkorlik doirasida Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi vakillari bilan «Xalqaro munosabatlar va xavfsizlik» mavzusida trening o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur o`quv mashg`ulotida Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi qoshidagi London Qirollik kollejining mudofaa masalalarini o`rganish kafedrasi o`qituvchisi Treysi Jerman hamda Qurolli Kuchlar akademiyasining professor o`qituvchilari ishtirok etdi.
Ta`kidlash kerakki, Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi bilan mustahkam aloqalar 2015 yildan boshlangan bo`lib, ular qo`shma tadbirlarni tashkil etish masalalari bo`yicha ishonchli mexanizmni ishlab chiqish imkonini beryapti.
So`nggi yillar davomida O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining professor-o`qituvchilari bir necha bor Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasiga tashrif buyurib, ilmiy-pedagogik kadrlar malakasini oshirish va «Davlat xavfsizligi» kabi kurslarda ta`lim olib qaytishgan.

Shu bilan bir qatorda Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasi hamda «Sendxerst» Qirollik harbiy akademiyasi mutaxassislari O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasining doimiy a`zoga aylangan. O`zaro hamkorlik davomida Akademiya binosida Buyuk Britaniya qurolli kuchlariga bag`ishlangan mavzuviy mashg`ulot xonasining yaratilishi britaniyalik mehmonlar uchun ajoyib yangilik bo`ldi.
– “Buyuk Britaniyaning O`zbekistondagi harbiy attashesi mayor Endryu Strefford bilan hamkorlikda ushbu mavzuviy mashg`ulot xonasini jihozlash bo`yicha katta ishlar amalga oshirildi. Britaniya tomoni ayni vaqtda ikki mamlakat oliy harbiy ta`lim muassasalari o`rtasida xalqaro xavfsizlik masalalari bo`yicha videokonferensiyalar hamda masofaviy darslarni o`tkazishni yo`lga qo`yishga tayyor ekanligini bildirdi”, – deydi Qurolli Kuchlar akademiyasi tashqi aloqalar bo`limi boshlig`i podpolkovnik Ravshan Talipov.
Eslatib o`tamiz, joriy yilning iyun oyida Buyuk Britaniya Mudofaa akademiyasining oliy qo`mondonlik-shtab kurslari direktori Endryu Rou O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasiga tashrif buyurgan edi. Ushbu tashrif davomida tomonlar britaniyalik mutaxassislarning O`zbekistonda bir yil davomida dars berishi hamda masofaviy o`qitish tizimini yo`lga qo`yilishi kabi masalalar ko`rib chiqilgandi.






