O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19 noyabr kuni kongressmen Trent Kelli boshchiligidagi AQSh Kongressi delegasiyasini qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.
Davlatimiz rahbari tarkibida AQSh Vakillar palatasi a`zolari Visente Gonsales, Ronald Estes, Rojer Marshall va Jennifer Gonsales Kolon ham bo`lgan delegasiyani samimiy qutlar ekan, kongressmenlarni AQSh parlamentiga oraliq saylov muvaffaqiyatli o`tgani bilan tabrikladi.
Keyingi yillarda O`zbekiston bilan AQSh o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani chuqur mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil may oyida Vashingtonda bo`lib o`tgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi strategik sheriklikning yangi davrini boshlab bergani ta`kidlandi.
Turli yo`nalishlar bo`yicha ikki tomonlama aloqalar faollashdi, konstruktiv siyosiy muloqot yo`lga qo`yildi, parlamentlararo almashinuvlar, shuningdek, madaniy-gumanitar va ta`lim sohalaridagi hamkorlik kengaymoqda.
Savdo-iqtisodiy sohada birgalikdagi sa`y-harakatlar bilan o`zaro savdo hajmini oshirish, O`zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlarini rivojlantirish va modernizasiya qilishga AQShning etakchi kompaniyalari to`g`ridan-to`g`ri investisiyalari va texnologiyalarini jalb etish borasida aniq yo`naltirilgan ishlar amalga oshirilmoqda.
Joriy yil boshidan buyon o`zaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar ortdi, mamlakatimizda AQSh kapitali ishtirokida 25 dan ziyod yangi korxona tashkil etildi.

Davlatimiz rahbari AQSh Vakillar palatasida kongressmenlar T.Kelli va V.Gonsales rahbarligida «O`zbekiston bo`yicha kokus» tashkil etilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ushbu mexanizm munosabatlarni har tomonlama kengaytirish va aniq iqtisodiy loyihalarni ilgari surishda samarali omil bo`lib xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Uchrashuvda ikki tomonlama munosabatlarga doir, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar ko`rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish hamda bu boradagi qo`shma loyihalarni, avvalo, hududlararo darajada qo`llab-quvvatlashga alohida e`tibor qaratildi.
Kongressmenlar davlatimiz rahbariga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, O`zbekistonda yangi bosqichda amalga oshirilayotgan hamda barcha soha va yo`nalishlarni qamrab olgan islohot va yangilanishlarga yuksak baho berdi.
Ikki mamlakat o`rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o`zaro manfaatli amaliy hamkorlikni kengaytirishga faol ko`maklashishga tayyorlik ta`kidlandi.






