AsosiyJamiyat

128 nafar ayolning uy olishi uchun 5,2 mlrd so`m boshlang`ich to`lovi to`lab berildi

'128 nafar ayolning uy olishi uchun 5,2 mlrd so`m boshlang`ich to`lovi to`lab berildi'ning rasmi

Qoraqalpog`iston Respublikasida xotin-qizlarni ijtimoiy qo`llab-quvvatlashga doir bir qator tadbirlar bo`lib o`tdi, deb xabar berdi Xotin-qizlar qo`mitasi matbuot xizmati.

Shulardan asosiysi Taxiatosh shahrida Xotin-qizlar qo`mitasi tomonidan 11 nafar ayolga uylarning kalitlari topshirilishi bo`ldi.

Aytish joizki, 2018 yilning o`tgan davri mobaynida Qoraqalpog`iston Respublikasida 303 nafar ayol uyli bo`ldi. Shundan Xotin-qizlar qo`mitasi qoshidagi Xotin-qizlarni va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan nogironligi bo`lgan va og`ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 128 nafar ayolga 5 milliard 22 million so`m miqdorida uy olish uchun dastlabki badal pullari to`lab berildi.

Shuningdek, O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi tashabbusi bilan Qoraqalpog`iston Respublikasining turli hududlarida 87 ta sex tashkil qilindi, 446 nafar ayol ish bilan ta`minlandi.

Kuni kecha ana shunday sexlardan 2 tasi Amudaryo va Beruniy tumanlarida ish boshladi.

O`zbekiston xotin-qizlar qo`mitasi ayollar bandligini ta`minlash va ular orasida tadbirkorlikni rivojlantirish bo`yicha o`z ishini davom ettiradi.

Aytish joizki, yil boshidan buyon Qoraqalpog`iston Respublikasida 20 mingga yaqin ishsiz ayol aniqlangan edi. Ulardan 18 ming 184 nafar ayollar ish bilan ta`minlandi.

Qoraqalpog`istonning bir qator tumanlarida Qo`mita tomonidan ayollar uchun ma`naviy-madaniy tadbir tashkil qilinib, uning doirasida kam ta`minlangan, ehtiyojmand, nogironligi bo`lgan ayollarga maishiy texnika vositalari - muzlatgich, kir yuvish mashinasi, gaz plitasi, duxovkalar, tikuv mashinalari topshirildi.

O`zbekiston iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligi ulushini oshirish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishga ko`maklashish maqsadida Xotin-qizlar va oilani qo`llab-quvvatlash jamoat Fondi tomonidan 2018 yilning o`tgan davri mobaynida Qoraqalpog`iston Respublikasida 3,2 milliard so`m ajratildi.

Kredit mablag`lari yillik 7 foiz shart bilan ayollar tadbirkorligini boshlash yoki rivojlantirish maqsadida taqdim etildi.

2019 yilda ajratiladigan kredit mablag`lar hajmini 2 barobarga oshirish ko`zda tutilgan.

    Boshqa yangiliklar