Ayrim davlat idoralarining ish beruvchilari tomonidan xodimlardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma`lumotnoma talab etilayotgan holati ko`plab uchramoqda. Bundan tashqari, ma`lumotnoma, asosan, xodimga ish haqi hisoblash paytida talab etilmoqda. Ish beruvchining mazkur talabi qonunda nazarda tutilmagan. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan ishlash bo`limi xabar berdi.
Adliya organlari joylarda bu kabi ma`lumotnomalar talab etilishi holatlari yuzasidan so`rovnoma asosida (tashkilotlarga kirib bormagan holda) monitoring tadbirini o`tkazdi.
Avvalo, qayd etish lozimki, qonun hujjatlari bilan jismoniy shaxslardan quyidagi hollarda soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma`lumotnomalar talab etilishi mumkinligi belgilab qo`yilgan, xususan:
– fuqarolar turar joylarni almashtirish maqsadida tuman (shahar) hokimligiga ariza berganda yoki mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatsiz
15 yil davomida er uchastkasiga egalik qilgan shaxs murojaat etganda;
– maktabgacha ta`lim sohasida davlat-xususiy sheriklik amalga oshirilganda;
– ko`chmas mulkni boshqa shaxsga o`tkazish bitimlari notarial tasdiqlanganda va boshqa shu kabilarda.
2018 yilning iyun oyidan boshlab davlat xizmatlari markazlari tomonidan jismoniy shaxslarga soliq qarzdorligi mavjud yoki mavjud emasligi haqida ma`lumotnomalar berish xizmati joriy etildi. So`nggi
5 oy davomida markazlar tomonidan 81 mingdan ortiq ma`lumotnomalar berildi.
Monitoring natijalari, asosan, tibbiyot, maktab va maktabgacha ta`lim muassasalari ish beruvchilari tomonidan shu kabi ma`lumotnomlar talab etilayotganligini ko`rsatdi.
Xususan, Farg`ona viloyati O`zbekiston tumanida 75 ta va Buxoro viloyati Jondor tumanida 65 ta holatda tibbiyot muassasalari xodimlaridan ish beruvchilari ma`lumotnomalar talab etgani faktlari aniqlandi.
Bu kabi ma`lumotnomalar talab etilishining sabablaridan biri sifatida, ayrim hollarda soliq organlarining er va mulk soliqlarini o`z vaqtida undirishda amaliy yordam berish haqidagi xatlari asos bo`lib, bunda xodimlar davlat xizmatlari markaziga murojaat etishga majbur bo`lgan.
Bundan tashqari, fuqarolardan ko`chmas mulkka bo`lgan huquqni ro`yxatdan o`tkazish paytida er tuzish va kadastr organlari tomonidan bunday ma`lumotnomalarni talab etilganligi holatlari ham uchradi.
Shunday qilib, xodimlardan soliq qarzdorligi mavjud emasligi haqidagi ma`lumotnoma talab etilayotganligi holati nafaqat ularning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon etkazmoqda, shu bilan birga davlat xizmatlari markazlarida sun`iy navbatlarning ortishiga sabab bo`lmoqda.
Aholi uchun esa noqulayliklar tug`dirib, byurokratik sansalorlikni bartaraf etishga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishga o`zining salbiy ta`sirini ko`rsatmoqda.
Qayd etish lozimki, manfaatdor idora va tashkilotlar, zarur hollarda, soliq organlaridan bu kabi ma`lumotlarni so`rovnoma yuborgan holda mustaqil olishlari mumkin.
Bunda, xodimda soliq qarzdorligi aniqlansa, ish beruvchi qarzdorlikni undirish haqidagi sud yoki davlat ijrochisining hujjati asosida uning oylik maoshidan ushlab qolish huquqiga ega.
Hozirda Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ish beruvchilar o`z xodimlaridan har xil ma`lumotnomalarni noqonuniy talab etishi holatlarini bartaraf etish bo`yicha zarur choralar ko`rmoqda.
Hurmatli fuqarolar, agar ish beruvchi Sizdan qonunda belgilanmagan ma`lumotnomalar yoki hujjatlar taqdim etishni talab qilsa yoxud bunga majburlasa, Adliya vazirligining 1008 qisqa raqamli ishonch telefoniga yoki info@minjust.gov.uz elektron pochtasi va ijtimoiy tarmoqlar (Feysbukdagi “Adliya bilan muloqot/Dialog s yustisiey” guruhi, Odnoklassniki va boshqalar) orqali murojaat etishingiz mumkin.






