AsosiyJamiyat

Sahroga aylanayotgan Qorako`l

'Sahroga aylanayotgan Qorako`l'ning rasmi

Necha yildirki Buxoroning Qandim massivi aholisi gazni qayta ishlash zavodidan tarqalayotgan yoqimsiz hid bilan nafas oladi. “Zahar” yutayotgan aholi gaz hidini bilsa-da, gazning o`zidan “bexabar”.

Aholiga deyarli gaz etkazib berilmaydi. Shu sababli odamlar saksovullarni kesib o`tin qilishadi, shu tariqa qishda jon saqlaydilar. “Zaxar zaxqumini yutamiz-u, o`zidan naf ko`rmaymiz”, deydi tuman aholisi.

Qorako`l tumani aholisi ham buta va saksovullarni yoqib qish o`tkazmoqda. Ammo, saksovul va butalar birini uzsang orqasidan o`ntasi o`sib chiqadigan pechak o`t emas. Kesilgan daraxtlar o`rniga yangilari ekilmayapti. Ekilsa-da er suvsizlanib, sho`rlanib borayotgani sabab saksovulzorni qayta tiklash imkonsiz. Aslida uni tiklashga birov urinayotgani ham yo`q. Hokimiyat hozircha bu muammoga e`tibor qaratmayapti. Albatta, bu tuman hokimiyati darajasida hal bo`ladigan muammo emas, lekin yuqoridagi rahbariyat e`tiborini shu masalaga jalb etish aynan hokimlikning bo`ynida. Biroq, ko`chalar, yo`llar hatto mutasaddilarning ko`zlarini ham qum bosganday go`yo. Oqibati jiddiy tus oladigan bu muammoga bugun negadir odamlar ham befarq. Tabiatdagi muvozanatni ushlab turgan daraxtlarni kesib, yoqayotgan odamlarni ham qoralay olmaysiz. Axir yoqilg`i bo`lmagach, bechora odamlar nima ham qilsin?

56.jpg

Saksovulsiz qolgan cho`l qumlari esa tobora shahar markazigacha etib bormoqda. “Shaharning istalgan ungurida qum uyumlari topiladi. Bu qum oqimlaridan ekinzorlaru paxtazorlar omon qolyapti deysizmi? Aslo, bu bora-bora hosildorlikka zarar etkazishi, erlarni suvga bo`lgan talabini oshirishi muqarrar. Ish shunday davom etaversa, bir kun kelib paxta dalalari-yu, aholi tomorqalarini bu millionlab tonna qum zarralaridan tozalashning mutlaqo imkoni qolmaydi.

Tuman markazlarida ham o`tin ortgan ulovlarni uchratish mumkin. O`tinchilarning aytishicha, yaqin 40-50 km. atroflikda o`tinga yaraydigan saksovullar qolmayapti. “Agar, Qandim gazining arzimas bir qismi shu shaharning o`ziga berilganida ham bu muammoning oldi olingan, saksovulzorlaru, yulg`unzorlar qayta tiklanishiga imkon yaratilgan bo`lar edi. Va oqibatda bir jihatidan hosildorlik saqlanib qolinsa, yana bir yaxshi tomoni toza havo muammosi hal qilinardi. Bir vaqtlar yuzaga kelgan muammoni Amu-Qorako`l kanalini ishga tushirish bilan hal qilganlaridek, bu muammoga ham biror ijobiy echim topishlarini tegishli mutasaddilardan butun tumanimiz aholisi nomidan so`rab qolamiz...

Umid Xolliev, o`qituvchi

Qorako`l tumani

O`zA

    Boshqa yangiliklar