Prezident Shavkat Mirziyoev Qanliko`l tumanida bunyod etilgan «Kanteks invest» to`qimachilik korxonasi bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog`iston Respublikasiga avvalgi tashriflari chog`ida Qanliko`l tumaniga 10 million evro investisiya kiritib, yirik to`qimachilik korxonasi tashkil etish loyihasi taqdim etilgan edi. O`tgan vaqt mobaynida korxona uchun 10 gektar er ajratilib, bunyodkorlik ishlari boshlab yuborildi. Korxonani barpo etish engil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishda tajribali bo`lgan «Kanteks invest» ma`uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirildi. Natijada 23 million evro investisiya kiritilib, yaydoq erda zamonaviy to`qimachilik fabrikasi qad rostladi.

Loyiha qiymati 38,7 million AQSh dollari bo`lgan korxonani kelasi yil birinchi choragida ishga tushirish mo`ljallanmoqda. Bu erda dastlabki bosqichda yiliga 11 ming tonna dunyo talablariga javob beradigan sifatli ip-kalava ishlab chiqariladi. Navbatdagi bosqichda to`qimachilik matosi tayyorlash, 2021 yilda amalga oshiriladigan so`nggi bosqichda mato bo`yash va tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarish yo`lga qo`yiladi.

Davlatimiz rahbari korxonaning ishlab chiqarish jarayonini ko`zdan kechirdi, ta`sischilari bilan suhbatlashdi.
650 ga yaqin mahalliy aholi ish bilan ta`minlanadigan korxonada bugungi kunda ishchilar tanlab olinib, shu erning o`zida tashkil qilingan o`quv xonalarida o`qitilmoqda, shuningdek, mamlakatimizning boshqa hududlaridagi korxonalarda malaka va oshirilmoqda.
Prezidentimiz bunday korxonalarni tashkil etishdan asosiy maqsad ish o`rinlari yaratish ekani, mamlakatimizning chet ellardagi elchixonalari bilan birgalikda texnologiya olib kelib, korxonalarni yanada ko`paytirish zarurligini ta`kidladi.






