Joriy yilning yanvar — sentyabr oylarida O`zbekistonga Rossiyadan 350 ming sayyoh kelgan. Bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 1,3 barobar ko`pdir.
Bu haqda O`zbekistonning Rossiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov Novosibirskda O`zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimotiga bag`ishlangan tadbirda aytib o`tdi, deb yozmoqda "Xalq so`zi" nashri.
“Joriy yilning o`tgan to`qqiz oyida O`zbekistonga jami 3,9 millionga yaqin sayyoh keldi. Shundan 350 ming nafari Rossiya fuqarolaridir. O`tgan yilning mazkur davrida bu ko`rsatkich 270 ming nafarni tashkil etgan edi”, deydi elchi.
Umuman, 2017 yilda O`zbekistonga 1,9 million nafar sayyoh tashrif buyurgan.
Botirjon Asadovning ta`kidlashicha, O`zbekistonda turizmni rivojlantirish uchun amalga oshirilayotgan ishlarning samarasi o`laroq mana shunday natijalar kuzatilyapti. Masalan, joriy yilning yanvar — sentyabr oylarida O`zbekistonda 190 ta yangi tur operatori ish boshlagan.
Bundan tashqari, viza rejimini sezilarli darajada soddalashtirdi. Masalan, 101 davlatning fuqarolari O`zbekistonda besh kun vizasiz bo`lishlari mumkin. Bundan tashqari, 17 mamlakat fuqarolari O`zbekistonga vizasiz kirishlari mumkin. Ular orasida Rossiya fuqarolari ham bor.
“O`zbekiston parlamentining delegasiyasining Moskvaga tashrifi doirasida parlamentarlarimiz xalqaro hamkorlikning istiqbollarini muhokama qilishdi. Bundan turizm sohasiga ham e`tibor qaratildi. Masalan, bolalar turizmiga oid g`oyalar ilgari surildi. O`zbekiston bolalar dam olish uchun katta imkoniyatlarga ega”, - deydi Botir Asadov.
O`z navbatida, Novosibirsk viloyati iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari Olga Molchanova mazkur sohada ikki tomon ham ulkan salohiyatga egaligini ta`kidlab, tovar ayirboshlash hajmini oshirish borasida katta imkoniyatlarga borligini aytib o`tdi.
Uning so`zlariga ko`ra, bu erda o`zbek matolari, sabzavotlari va mevalariga qiziqish katta. Novosibirsk esa O`zbekistonga o`simliklarni himoya qilish vositalari va tibbiy texnika vositalari etkazib berishga tayyor.
“O`zbekiston bo`ylab sayohat” loyihasi doirasida O`zbekistonning sayyohlik salohiyati taqdimoti, shuningdek, Ekaterinburg, Ufa va Qozon shaharlarida ham o`tkaziladi.






