AsosiyJamiyat

​Qurolli Kuchlari akademiyasida chet tillarini o`qitishda mavjud muammolar o`rganib chiqildi

'​Qurolli Kuchlari akademiyasida chet tillarini o`qitishda mavjud muammolar o`rganib chiqildi'ning rasmi

O`zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida “Harbiy sohada chet tillarni maqsadli o`qitishda mavjud muammolar va ularni hal etish yo`llari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o`tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Anjumandan ko`zlangan asosiy maqsad Qurolli Kuchlar akademiyasida malakali ofiser kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish va professor-o`qituvchilarning uslubiy mahoratini oshirish hamda chet tillar bo`yicha bilimlarni chuqurlashtirib o`qitishdagi dolzarb muammolar va ularni hal etish yo`llarini muhokama qilish, o`zaro fikr almashishdan iborat.

Unda Akademiya professor-o`qituvchilari, Harbiy-ilmiy tadqiqotlar markazi ofiserlari, harbiy soha doktorantlari, O`zbekiston Mudofaa vazirligi oliy harbiy ta`lim muassasalari hamda O`zbekiston Respublikasi Strategik tahlil va istiqbolni belgilash oliy maktabi, O`zbekiston davlat jahon tillar universiteti, O`zbekiston ingliz tili o`qituvchilari assosiasiyasi, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, Davlat xavfsizlik xizmati instituti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning qoshidagi maxsus fakultet, Toshkent moliya instituti, Qurolli Kuchlar “Tinchlik yo`lida hamkorlik dasturini tayyorlash” markazi, Milliy gvardiya Harbiy-texnik institutidan jami 80 ga yaqin vakillar qatnashdi.

Ma`ruzachilar o`z chiqishlarida chet tillarini o`rganishda zamonaviy usul va uslublar, infokommunikasiya texnologiyalarining o`quv jarayonidagi o`rni, ularni qo`llashda tillar yo`nalishidan kelib chiqqan holda o`ziga xos xususiyatlarini inobatga olish, mustaqil tayyorgarlikning o`rniga, o`qituvchining malakasiga, auditoriyaning psixologik jihatiga va boshqa omillarga to`xtalib o`tdilar.

Shu bilan birga anjumanda professor Mirabbos Iriskulov va O`zbekiston ingliz tili o`qituvchilari assosiasiyasi direktori Feruza Rashidova ham qatnashib, muxokama chog`ida ular tomonidan Qurolli Kuchlar akademiyasi bilan hamkorlik o`rnatish va har hafta Tillar kafedrasida treninglar tashkil etib, bu yig`ilishda boshqa OTM professor-o`qituvchilarini ham ishtirok etishlarini ta`minlash taklif etildi.

Anjuman so`ngida o`tkazilgan ochiq muloqotli savol-javob vaqtida ma`ruzachilar va ishtirokchilar o`zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, muammolarni hal etish bo`yicha tavsiyalar berildi.

    Boshqa yangiliklar