2018-2019 yillarda Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Hukumat qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.
Qaror bilan 2018-2019 yillarda Toshkent viloyatini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturi tasdiqlandi.
Shuningdek 2019 yil 1 iyungacha «Binolar, inshootlar va ko`p yillik daraxtlarga bo`lgan huquqning davlat ro`yxatidan o`tkazilganligi to`g`risida guvohnoma» o`rniga «QR kod» bilan kadastr pasportini berish va qishloq xo`jaligi erlari ajratishning auksion tarzida «blokcheyn» orqali amalga oshirish tizimi joriy etiladi.
Dastur doirasida jami 1 009 ta loyiha amalga oshirilishi, ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun 8 trln 241 mlrd 879 mln so`m o`zlashtirilishi nazarda tutilgan. Dasturni amalga oshirish orqali 19 ming 333 ta yangi ish o`rni yaratiladi.
Dasturda 22 ta davlat bog`chalarini rekonstruksiya qilish, 17 ta xususiy tibbiyot muassasalari qurish, shuningdek bir qator maktablarni kapital ta`mirlash, sport inshootlari qurish belgilangan.
Bundan tashqari dasturga muvofiq Chirchiq davlat pedagogika institutida 1 500 o`rinli yangi o`quv binosi va 400 o`rinli talabalar yotoqxonasi barpo etiladi.






