“Tekshiruvlarni elektron ro`yxatga olish yagona tizimini yuritish tartibi to`g`risidagi nizomni tasdiqlash to`g`risidagi” idoralararo qaror loyihasi muhokamaga qo`yildi.
Tekshiruvlarni elektron ro`yxatga olish yagona tizimiga nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida o`tkaziladigan tekshiruvlarni kelishish va o`tkazish uchun Bosh prokuratura, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalariga yuborilgan buyurtma, shuningdek, tekshiruv to`g`risida ma`lumotlar, monitoring va tadbirkorlik sub`ektlari faoliyatida aniqlangan qonunbuzishlarni bartaraf qilish bo`yicha qabul qilingan chora-tadbirlar kiritiladi.
Yagona tizimda ro`yxatdan o`tkazishni tasdiqlash bir ish kuni davomida amalga oshiriladi. Nazorat qiluvchi organning mas`ul xodimi Yagona tizimda bir marotaba ro`yxatdan o`tkaziladi.
“O`tkazilgan tekshiruv natijalari bo`yicha tuzilgan dalolatnomada qayd etilgan qonun buzilishi holatlari to`g`risidagi ma`lumotlar tekshiruv yakunlangandan so`ng uch ish kuni ichida, tadbirkorlik sub`ektiga nisbatan qo`llanilgan ta`sir choralari to`g`risidagi ma`lumotlar (yozma ko`rsatma, ma`muriy huquqbuzarlik to`g`risida bayonnoma, moliyaviy va iqtisodiy jarimalarni qo`llash to`g`risida qarorlar, sud qarorlari va boshqalar) mazkur choralar qo`llanilgandan so`ng uch ish kunidan kechiktirmasdan nazorat qiluvchi organ tomonidan Yagona tizimga kiritilishi shart”, – deyilgan qaror loyihasida.
Loyihada tadbirkorlik sub`ekti o`z so`roviga ko`ra o`tkazilayotgan tekshiruv haqidagi axborotni Yagona tizimdan qisqa xabar (SMS) ko`rinishida va real vaqt rejimida Internet tarmog`i orqali olishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Loyiha muhokamasi 27 noyabrgacha yakunlanadi.






