AsosiyJamiyat

Naqshband turizm festivali ishtirokchilari Samarqandda

'Naqshband turizm festivali ishtirokchilari Samarqandda'ning rasmi

11 noyabr kuni Yurtimizda mehmon bo`lib turgan “Naqshband turizm festivali – 2018” qatnashchilari Buxoroi sharifdagi sayohatlarini yakunlab, Samarqandga etib keldilar.

Mehmonlar viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, O`zbekiston musulmonlar idorasi viloyat vakilligi mutasaddi xodimlari, ''O`zbekturizm'' Samarqand mintaqaviy bo`limi xodimlari tomonidan munosib kutib olindi.

Dunyoning 18 davlatidan kelgan 150 dan ziyod naqshbandiy tariqati vakillari Samarqand bo`ylab sayohatlarini Imom Buxoriy majmuasi ziyorati bilan boshladilar. Ziyorat asnosida qiziqarli suhbatlar bo`ldi. Majmua mehmonlarda katta qiziqish uyg`otdi.

Shundan so`ng Xo`ja Ahrori Valiy ziyoratgohi va Registon majmuasi ziyorat qilindi. Ayniqsa Registon majmuasidagi Tilloqori madrasasi mehmonlarda o`zgacha taassurot qoldirdi.

Gid tarjimonlar tomonidan ziyorat qilingan hududlar tarixi, mustaqillik yillari davomida ko`rsatilgan e`tiborlar haqida atroflicha ma`lumotlar berib borildi.

Festival O`zbekistonda Malayziyaning “Umumjahon So`fiylar tashkiloti” tashabbusi bilan “Hilal travel” sayyohlik tashkiloti hamkorligida hamda bevosita Vazirlar Mahkamasi Din ishlari bo`yicha qo`mitasi va O`zbekiston Musulmonlar idorasi, shuningdek Tashqi ishlar vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi ko`magida tashkil etilmoqda.

Festivalga Malayziya, Indoneziya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Yangi Zelandiya, Xitoy, Hindiston, Avstraliya, AQSh, Zambiya va boshqa mamlakatlardan mehmonlar tashrif buyurgan.

    Boshqa yangiliklar