AsosiyJamiyat

Taniqli telejurnalist Bobur Komilov vafot etdi

'Taniqli telejurnalist Bobur Komilov vafot etdi'ning rasmi

«Davr» informasion dasturi orqali tanilgan telejurnalist, BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi Bobur Komilov uzoq davom etgan xastalikdan so`ng vafot etdi. Bu haqda jurnalist Shohira Hamro Facebook’dagi sahifasi orqali ma`lum qildi.

«Zamonaviy o`zbek jurnalistikasida og`ir yo`qotish. Hozir eshitgan xabarimga ishongim kelmaydi. Lekin jim turib ham bo`lmaydi. BMTning O`zbekistondagi vakolatxonasi matbuot kotibi, taniqli halqaro toifadagi jurnalist Bobur Komilov uzoq davom etgan xastalikdan so`ng bugun vafot etdi. Bu haqda hozirgina menga "To`ylar muborak" jurnalining bosh muharriri, Boburning yaqin do`stlaridan biri Dildora Zaynutdinova xabar berdi.

Biz Boburni Toshkentda, "PROlogue" xalqaro kinofestivali kutayotgan edik. Dildora orqali Bobur bilan bog`lanib, kinofestival tadbirlarida ingliz tilida boshlovchilik qilishga taklif qilgan edik.

Bobur orzulari bir dunyo yigit edi. O`ziga xos yo`li, o`z ovoziga ega jurnalist endi oramizda yo`q. Xudo rahmat qilsin!", - deb yozdi Shohira Hamro.

Ma`lum bo`lishicha, Bobur Komilov davolanish uchun Turkiyaga ketgan edi.

Shuningdek, huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiev ham telegram kanalida jurnalistni yodga olgan:

"Bolaligimdagi xotiralarning bir qismida nutqi ravon, o`z ishining ustasi bo`lgan, aqlli jurnalist sifatida Bobur akaning siymosi ham o`chmas bo`lib o`rin olgan.

Keyinchalik Bobur aka bilan ko`p tadbirlarda uchrashdik, ayrim jabhalarda hamkorlik qildik. Bobur aka juda kamtarin, hushchaqchaq va samimiy inson edi. Dunyoqarashi kengligi uchun ular bilan suhbatlashish shunchaki odamga zavq bag`ishlardi. Soatlab turli loyihalar, g`oyalar haqida gaplashish mumkin edi.

Bobur aka ilmga chanqoq edi, shu sababli intellektual loyihalarni, ilmni doim qo`llab-quvvatlardi. Juda yaxshi eslayman, bundan bir necha yillar oldin Bobur aka bilan hamkorlikda BMT tashkil etilgan sana arafasida Toshkentdagi talabalar o`rtasida "Zakovat" turniri tashkil qilgandik. O`shanda ham turnirni saviyali tashkil etish uchun Bobur aka rosa jonbozlik ko`rsatgandilar.

Ming afsuski, shunday inson bugun oramizda yo`q.

Lekin nima ham derdik, o`lim haq, har birimizning boshimizda bor savdo. Ilohim, Bobur Komilovning joylari jannatdan bo`lsin, yaxshi amallari o`zi bilan birga bo`lsin".

    Boshqa yangiliklar