Xabaringiz bor, 1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida og`ir atletika bo`yicha jahon chempionati bo`lib o`tdi. Ushbu nufuzli musobaqada jahonning 88 mamlakatidan 600 dan ziyod sportchilar ishtirok etdi.
Chempionatda o`zbekistonlik polvonlar ham sovrinli o`rinlar uchun kurash olib borishdi. Bahslarda yurtimiz sharafini 12 nafar sportchi himoya qildi va atletlarimiz musobaqa yakuniga ko`ra 1 ta oltin, 1 ta kumush va 3 ta bronza medallarini qo`lga kiritishdi.
Bugun jahon chempionatida ishtirok etgan og`ir atletikachilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Ular Toshkentdagi «Janubiy» vokzalda sport jamoatchiligi tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.
Eslatib o`tamiz, musobaqada -102 kg vazn toifasida qatnashgan Akbar Jo`raev dast ko`tarishda oltin medalni qo`lga kiritdi. -67 kg vaznli Doston Yoqubov siltab ko`tarishda kumush medal sohibiga aylandi. -109 kg vazn toifasida bellashuvlarda Ruslan Nurutdinov siltab ko`tarishda bronza medaliga ega chiqdi. +109 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Rustam Djangabaev siltab ko`tarish va ikkikurash natijalariga ko`ra bronza medallariga sazovor bo`ldi.
Qayd etish lozimki, musobaqada -102 kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilgan Akbar Jo`raev jahon chempionati kashfiyoti bo`ldi. 19 yoshli sportchimiz kattalar o`rtasidagi musobaqada oltin medalni qo`lga kiritdi. Olimpiya o`yinlariga hali vaqt borligini inobatga olsak, 2020 yilda u 21 yoshga to`ladi va ayni kuchga kirgan payti bo`ladi. Ma`lumot uchun, Tokio Olimpiadasiga reyting ochkolarini beruvchi musobaqalar 6 ta edi. Ashxobodda ularning dastlabkisi yakunlandi. Endi Olimpadagacha sportchilarimiz yana 5 ta musobaqada ishtirok etadilar va umid qilamizki ushbu bahslar yakuniga ko`ra polvonlarimiz terma jamoamiz uchun maksimal yo`llanmalarni qo`lga kiritadilar.
Milliy olimpiya qo`mitasi ushbu muvaffaqiyat bilan sportchi va murabbiylarimizni, O`zbekiston og`ir atletika federasiyasini muborakbod etadi.













