9 noyabrda Bekobod shahri tibbiyot birlashmasiga qarashli yuqumli kasalliklar kasalxonasiga 8-sonli maktabgacha ta`lim muassasasining 8 nafar tarbiyalanuvchisi ovqatdan zaharlanish ehtimoliy tashxisi bilan yotqazildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ushbu holat yuzasidan Bekobod shahri prokuraturasi tomonidan o`tkazilayotgan tergovgacha tekshiruv davomida bugungi kunga kelib yuqoridagi maktabgacha ta`lim muassasasining 56 tarbiyalanuvchisi va 2 tarbiyalovchisi tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgani va ularga tibbiy yordam ko`rsatilayotgani o`rnatilgan.
Tibbiyot birlashmasining ma`lum qilishicha, yordam so`rab murojaat qilgan odamlarning sog`lig`i o`rtacha og`irlikda deb baholangan, ularga “ovqat toksikoinfeksiyasi” tashxisi qo`yilgan.
Ayni vaqtda bu holat yuzasidan shahar prokuraturasi tomonidan sud-kimyo va bakteriologik ekspertizalar tayinlangan, O`zbekiston Jinoyat kodeksining 257.1-moddasi 1-qismi (Sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) bo`yicha jinoiy ish qo`zg`atilgan.
Ta`kidlanishicha, Bosh prokuratura tomonidan tergov borishi ustidan tegishli nazorat o`rnatilgan.






