Dastlab anjuman doirasida press tur tashkil etilib, ommaviy axborot vositalari Toshkentning Mirzo Ulug`bek tumanidagi 324-maktabgacha ta`lim muassasasiga tashrif buyurdi, deya xabar berdi O`zA.
Ushbu muassasa ko`p yillar foydalanilmay turgan MTM o`rnida qayta tashkil etildi. Ob`ektning to`liq rekonstruksiya qilinishi va jihozlanishi uchun xorijiy investorlar – Janubiy Koreyaning Sejong universiteti va New Millenium Construction kompaniyasi mablag`lari yo`naltirildi. Natijada zamonaviy talablarga to`la javob beradigan oshxona, ovqatlanish joyi, turli ommaviy tadbirlarni o`tkazishga mo`ljallangan zalni o`z ichiga olgan bino qad rostladi.
Muassasada bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga ko`maklashuvchi alohida san`at xonasi va sport zali bor. Ochiq havoda jismoniy tarbiya va sport mashg`ulotlarini o`tkazish uchun esa futbol maydonchasi mavjud.
Press turdan so`ng jurnalistlar vazirlikda tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
Maktabgacha ta`lim vaziri Agrippina Shin Prezidentning joriy yil 30 sentyabrda qabul qilingan «Maktabgacha ta`lim tizimini boshqarishni takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qarori ertamiz egalari kamoloti uchun olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqqani, shuningdek, mazkur hujjat sohadagi qator muammolarni bartaraf etishga asos bo`layotganini ta`kidladi.
Anjumanda mazkur qarorda belgilangan vazifalar doirasida qilinayotgan ishlar, istiqboldagi rejalar haqida ma`lumot berildi.


















