AsosiyJamiyat

Prezident O`zbekistonning birinchi mudofaa vazirini orden bilan mukofotladi

'Prezident O`zbekistonning birinchi mudofaa vazirini orden bilan mukofotladi'ning rasmi

Bugun, 10 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasining birinchi mudofaa vaziri, iste`fodagi general-polkovnik Rustam Axmedov 75 yoshni qarshiladi. Yubiley munosabati bilan Mudofaa vazirligi markaziy apparatida tantanali marosim bo`lib o`tdi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bayram tadbirida O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan yo`llangan tabrik maktubini O`zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov o`qib eshittirdi.

Shuningdek, iste`fodagi general-polkovnik Rustam Axmedov O`zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlar vakillari o`rtasida do`stlik, o`zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, O`zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do`stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganligi uchun O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga binoan «Do`stlik» ordeni bilan mukofotlandi.

Tadbirda O`zbekiston mudofaa vaziri general-mayor Abdusalom Azizov ham so`zga chiqib, Rustam Ahmedovning o`zbek xalqi va O`zbekiston oldidagi eng buyuk xizmatlarini, jumladan, milliy armiyani yaratish va uni saqlab qolishdagi ulkan mehnatini alohida e`tirof etib, mustaqil O`zbekistonning birinchi mudofaa vazirini tabrikladi. O`zbekiston Qurolli Kuchlari faxri bo`lgan ustozga Mudofaa vazirligining esdalik sovg`alarini topshirdi.

Tantanali marosimda MDHga a`zo mamlakatlardan vakillar, jumladan, Rossiya Federasiyasidan iste`fodagi general-leytenant Gennadiy Borisov, Qirg`iziston Respublikasidan iste`fodagi general-mayor Risbek Mirzamatov, polkovnik Janibek Kaparov hamda polkovnik Erkin Osmanov ishtirok etib, yubiley egasini qutlug` 75 yosh bilan muborakbod etdilar.

“Bugungi bayram uchun barchaga chuqur minnatdorchiligimni bildiraman. Yoshlarning, jumladan, harbiylarning ma`naviy salohiyatini oshirish, ularga zamon talablariga mos bilim va ko`nikmalarni berish, biz kabi iste`fodagi harbiylarga Vatanimiz manfaatlari uchun yana xizmat qilish imkoniyatini yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimizga rahmat aytib qolaman. Bugun menga topshirilgan «Do`stlik» ordeni biz, faxriylarga berilayotgan yuksak e`tiborning namunasidir. Men bundan juda ham hursandman”, — deya o`z minnatdorchiligini bildirdi Rustam Axmedov.

Ana shunday bayram tadbiri Qurolli Kuchlar davlat muzeyida ham o`tkazildi.

Rustam O`rmanovich Axmedov 1943 yilda Farg`ona viloyatining Bog`dod tumanida tug`ilgan. Qo`qon shahridagi Qishloq xo`jaligini mexanizasiyalashtirish va elektrifikasiyalash texnikumini tamomlagan. 1962—1965 yillar davomida Toshkent oliy tank qo`mondonlik bilim yurtida tahsil olgan.

Xizmat faoliyati davomida O`zbekiston Respublikasi Mudofaa ishlari bo`yicha vazir — milliy gvardiya qo`mondoni (1991 yil), O`zbekiston mudofaa vaziri (1992—1997 yy.), O`zbekiston Favqulodda vaziyatlar vaziri (1997—1998 yy.) lavozimlarida xizmat qilgan.

2018 yilning yanvar oyida O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoevning farmoniga asosan, mudofaa vazirining maslahatchisi etib tayinlangan va hozirgi kunda ushbu lavozimda faoliyat ko`rsatmoqda.

    Boshqa yangiliklar