AsosiyJamiyat

Qashqadaryoda soliqdan qarzdor shaxslarning plastik kartalari bloklandi

'Qashqadaryoda soliqdan qarzdor shaxslarning plastik kartalari bloklandi 'ning rasmi

Qashqadaryo viloyatida aholi tomonidan bank plastik kartochkalari ishlamay qolayotgani haqida ba`zi e`tirozlar bildirilmoqda. Fuqarolar tijorat banklariga murojaat qilganda bank plastik kartochkalari soliq qarzdorligi mavjudligi uchun vaqtincha qulflab qo`yilayotgani ma`lum qilingan, deb yozmoqda O`zA.

Qashqadaryo viloyati davlat soliq boshqarmasi Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot shu`basi boshlig`i Firdavsiy Jabborov mavzuga aniqlik kiritdi.

– Qashqadaryo viloyatida 509 ming nafardan ortiq soliq to`lovchi jismoniy shaxslar mavjud. Soliqlarni o`z vaqtida to`lab, majburiyatini bajarayotgan shaxslar bilan birga undan bo`yin tovlayotganlarning borligi achinarli. Natijada davlat oldida qarzdorlik vujudga kelmoqda.

Masalan bugungi kunda Qashqadaryo viloyatida 152 ming nafardan ortiq soliq to`lovchi jismoniy shaxslarning 28 milliard so`mga yaqin soliq qarzdorligi mavjud.

Prezidentimizning 2018 yil 26 iyundagi “Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori bilan joriy etilgan yangilik mana shunday holatlarni oldini olishga xizmat qiladi.

Endilikda, yuzaga kelgan soliq qarzdorligini joriy yilning 1 oktyabrdan boshlab soliq to`lovchi-jismoniy shaxslarning plastik kartalariga xizmat ko`rsatuvchi bank hisobvaraqlaridan oyiga eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridan ko`p bo`lmagan summada so`zsiz kesib olish huquqi berilgan. Bu haqida fuqarolar ogohlantirilgan. Lekin, qarzdorlikni ado etish masalasi ortga surilgan. Natijada, soliq idoralari tomonidan soliqlardan qarzdorligi bo`lgan jismoniy shaxslarning bank plastik kartochkalarida operasiyalarni vaqtincha to`xtatib turish uchun tijorat banklariga ma`lumotlar berilgan. Soliqlardan qarzdorlik to`langandan so`ng bank plastik kartochkalari yana ochib beriladi.

Bu o`z navbatida qarzdorlikni, unga qo`shimcha hisoblanadigan penya summalarining ortib ketmasligiga xizmat qiladi.

Xulosa shuki, joriy etilayotgan yangilik soliq xizmati organi xodimi ish samaradorligini oshirish, mablag`larni o`z vaqtida davlat byudjetiga tushirishga yordam beradi.

    Boshqa yangiliklar