AsosiySport

O`zbekiston kubogi sohiblari sharaflandi (foto)

'O`zbekiston kubogi sohiblari sharaflandi (foto)'ning rasmi

Joriy yilning 28 oktyabr va 9 noyabr kunlari nafaqat olmaliqliklar, balki Toshkent viloyati aholisi, ayniqsa, futbol muxlislari uchun yodda qoladigan bo`ldi.

Boisi, aynan 28 oktyabr kuni Olmaliq shahrining AGMK futbol jamoasi o`z tarixida birinchi bor O`zbekiston kubogini qo`lga kiritdi. Yodingizda bo`lsa, o`sha kuni Farg`onaning “Istiqlol“ stadionida poytaxtning “Paxtakor“ jamoasi bilan kechgan final bahsida AGMK jamoasi 3:1 hisobida zafar quchib, O`zbekiston kubogiga ega chiqqan edi.

Bungacha olmaliqliklar kubok bahslari doirasidagi 1/16 final bosqichida Haqqulobodning “Norin” jamoasini 1:0, 1/8 finalida Qarshining “Nasaf” jamoasini 2:1, yarim final bahsida esa “Bunyodkor”ni 2:1 hisobida mag`lub etgan edi. Shunday qilib, 28 oktyabr olmaliqliklar uchun tarixiy sanaga aylandi.

Ushbu sana bilan bir qatorda 9 noyabr ham unutilmas sanaga aylanishi, shubhasiz. Chunki aynan shu kuni AGMK futbol jamoasini tantanali taqdirlash marosimi tashkil etilib, jamoaning tarixiy g`alabasi shahar bo`ylab keng miqyosda nishonlandi.

Tantanali tadbirda futbol mutaxassislari, viloyat va shahar faollari tomonidan mamlakatimizda sportga, xususan, millionlar o`yini hisoblanmish futbolni rivojlantirishga alohida e`tibor qaratilayotgani, pirovardida mazkur sport turida sezilarli rivojlanish kuzatilayotgani ta`kidlandi.

Tarixiy natija qayd etgani uchun AGMK jamoasi a`zolari va rahbariyat xodimlariga avtomobillar topshirildi. Jamoa g`alabasini nishonlashga kelgan ashaddiy muxlislar uchun 500 kilogrammlik osh damlanib, mehmonlarga tarqatildi. Shuningdek, shahar bo`ylab turli ko`ngilochar tadbirlar va konsert dasturlari namoyish etildi.

Bayramona tadbirlar O`zbekiston chempionatining 30-turidan o`rin olgan AGMK – “Qo`qon-1912“ jamoalari uchrashuviga ulanib ketdi, deb yozmoqda O`zA.

23.JPG

17.JPG

44.JPG

Boshqa yangiliklar