O`zbekistonda BMT Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag`ishlangan Tadbirlar dasturi tasdiqlanishi bilan bir qatorda uni amalga oshirish bo`yicha Komissiya tashkil etilgan, deb yozadi O`zA.
Dasturga muvofiq, O`zbekistonda Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag`ishlangan xalqaro tadbirlar ham tashkil etiladi. Joriy yilning 22—23 noyabr kunlari Samarqand shahrida Inson huquqlari bo`yicha Osiyo forumi bo`lib o`tadi. Forumda BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar vakillari, Osiyo qit`asida joylashgan davlatlarning inson huquqlari himoyasi bilan shug`ullanuvchi institutlari rahbarlari, huquqshunos olimlar va boshqalar ishtirok etishi kutilmoqda.
Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazidan ma`lum qilishlaricha, forumga puxta tayyorgarlik ko`rilmoqda. Forum davomida ishtirokchilar sessiyalarga bo`lingan holda tegishli mavzular bo`yicha muloqot olib boradi. Ularda deklarasiyada nazarda tutilgan me`yorlar, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, fuqarolik va siyosiy huquqlarning universalligi, o`zaro bog`liqligi, shuningdek, inson huquqlari bo`yicha majburiyatlarni bajarish sohasidagi yutuqlar va muammolar ko`rib chiqiladi. Inson huquqlari va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish uchun inson huquqlarini himoya qilish va rag`batlantirishda ijro, vakillik va qonunchilik hokimiyati, sud va inson huquqlari milliy institutlarining roli muhokama qilinadi.
Osiyo forumi yakunlari bo`yicha Inson huquqlari bo`yicha Samarqand deklarasiyasini qabul qilish rejalashtirilgan. Unda davlatlar tomonidan xalqaro hujjatlarga muvofiq barcha inson huquqlari va asosiy erkinliklariga rioya qilish va himoya qilish borasida samarali tizim yaratishga oid maqsadlar ko`zda tutiladi.
Osiyo forumi doirasida Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar rahbarlari o`z mamlakatlaridagi inson huquqlariga oid vaziyatni, shuningdek, inson huquqlari bo`yicha milliy institutlar o`rtasidagi hamkorlik yo`nalishlarini muhokama qiladi.
Forum natijalariga ko`ra, Markaziy Osiyodagi inson huquqlari bo`yicha milliy institutlarning Toshkentdagi qo`shma bayonotini qabul qilish ham rejalashtirilgan.






