AsosiyJamiyat

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkillashtirildi

'Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan bayram tadbiri tashkillashtirildi'ning rasmi

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan joriy yil 9 noyabr kuni Turkiston san`at saroyida bayram tantanalari bo`lib o`tdi. Unda hukumat vakillari, Sog`liqni saqlash vazirligi mutasaddilari, tibbiyot sohasi fidoyilari jam bo`lishdi.

2006 yil 12 sentyabrda qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasi tibbiyot xodimlari kunini belgilash to`g`risida”gi Qonunga muvofiq, mamlakatimizda har yili noyabr oyining ikkinchi yakshanbasi tibbiyot xodimlari bayrami sifatida keng nishonlanib kelinadi. Bu galgi bayram tadbiri har yilgidan-da ko`tarinki kayfiyatda tashkil etildi.

Tantanali tadbirda qayd etilganidek, so`nggi yillarda barcha sohalarda bo`lgani kabi sog`liqni saqlash tizimi rivojiga ham alohida e`tibor qaratilmoqda. Qisqa davr ichida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan qabul qilingan 130 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar tibbiyot rivojida asos bo`lib xizmat qilayapti. Ularda belgilangan vazifalar izchil amalga oshirilayotgani sohani yanada yaxshilash, aholiga ko`rsatilayotgan birlamchi tibbiy-sanitariya, shoshilinch va tez tibbiy yordam, ixtisoslashtirilgan xizmatlar sifatini oshirish, arzon va sifatli dori-darmon, zamonaviy tibbiy buyumlar bilan ta`minlash, xususiy tibbiyotni rivojlantirish, bilimli va tajribali mutaxassislarni tayyorlash bo`yicha bir qator islohotlarni amalga oshirish imkonini bermoqda. E`tiborli tomoni, davlat byudjetidan sog`liqni saqlash tizimini moliyalashtirishga ajratilayotgan mablag`lar yildan-yilga ko`paymoqda. Joriy yilda sohaga 9,6 trillion so`m yo`naltirildi, bu o`tgan yildagiga nisbatan 1,4 barobar ko`p.

Aholi eng ko`p murojaat qiladigan birlamchi tibbiy-sanitariya bo`g`inida avvallari mavjud bo`lmagan ijtimoiy dorixona va kunu-tun ishlaydigan tez tibbiy yordam shoxobchasiga ega 793 ta qishloq oilaviy poliklinikasi tashkil etildi. Ularda beshta yo`nalishda ya`ni, amaliyot vrachi bilan birga, terapevt, xirurg, pediatr, stomatolog, ginekolog kabi tor mutaxassislar faoliyati yo`lga qo`yildi. Bundan tashqari, tibbiy xodimlarning mehnati samaradorligini reyting baholash tizimi joriy qilindi. Shifokor qabuliga yozilish va ma`lumotlar bazasini shakllantirish bo`yicha “Elektron poliklinika” tizimiga bosqichma-bosqich o`tilmoqda.

Shuningdek, ona va bola salomatligi, Shoshilinch tibbiy yordam tizimidagi o`zgarishlar, dori-darmon ta`minotidagi o`zgarishlarni ham alohida e`tirof etish mumkin. Aholiga ixtisoslashtirilgan xizmatni yaqinlashtirish yildan-yilga kengayib borayapt. Hozirda nevrologiya va insult yo`nalishi hisobiga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari soni 16 taga etdi.

Tibbiyotni yanada isloh qilish va sifat darajasini oshirish borasida izchil sa`y-harakatlar bir zum bo`lsa-da to`xtagani yo`q. Bu borada ilg`or xorijiy davlatlar tajribasi o`rganilib, yurtimizdagi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilinmoqda. Tibbiyot tizimining 2025 yilgacha mo`ljallangan 7 yillik rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmoqda.

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan mazkur bayram tadbirida “Yilning eng yaxshi shifokori” ko`rik-tanlovi doirasida “Yilning eng yaxshi kardiologi”, “Yilning eng yaxshi terapevti”, “Yilning eng yaxshi xirurgi”, “Yilning eng yaxshi pediatri”, “Yilning eng yaxshi neonatologi”, Yilning eng yaxshi akusher-ginekologi”, “Yilning eng yaxshi sog`liqni saqlash tashkilotchisi”, “Yilning eng yaxshi infeksionist vrachi”, “Yilning eng yaxshi sanitariya-epidemiologiya vrachi” kabi jami 30 nominasiya bo`yicha 1-, 2- va 3-o`rinlarga munosib ko`rilgan sohaning fidoyi xodimlari diplom va qimmatbaho sovg`alar bilan taqdirlandi. Bu xaqda Sog`likni saqlash vazirligi axbort xizmati xabar berdi.

El ardog`idagi san`atkorlarning kuy-qo`shiqlari yig`ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi.

Tantanali tadbirda Bosh vazir o`rinbosari Aziz Abduhakimov, Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov ishtirok etdi va so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar