Toshkentda o`tkazilgan "Mamlakatning demokratik yangilanishi hamda modernizasiyasida ayollarning roli: O`zbekiston tajribasi va xalqaro amaliyot" mavzuidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari 8 noyabr kuni Samarqandda bo`ldi.
Mehmonlar dastlab Islom Karimov maqbara majmuasini ziyorat qilishdi. Birinchi Prezidentimiz yodiga Qur`on tilovat qilinib, hududda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari haqida ma`lumot berildi, deb yozmoqda "Zarafshon" nashri.
- Konferensiya davomida O`zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma`lumotga ega bo`ldik, - deydi Afg`oniston xotin-qizlar masalalari vaziri Dilbar Nazariy. - Tinch va farovon hayotda o`z o`rniga ega bo`lib, jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo`shayotgan o`zbek ayollariga havasim keldi. Bobolarim yurti bo`lgan aziz Samarqand tuprog`ida duo qildimki, bizning yurtimiz ham mana shunday tinchlik va osoyishtalikka erishib, ayollarimiz mamlakat hayotida o`z o`rniga ega bo`lsin.
Konferensiya ishtirokchilari Amir Temur maqbarasi, Mirzo Ulug`bek rasadxonasi, Xo`ja Doniyor ziyoratgohi va Registon maydonida bo`lib, yurtimiz tarixi, boy madaniy merosi bilan tanishishdi.

Mehmonlar uchun viloyat hokimligining qabuli tashkil etilib, "El Merosi" teatri tomonidan milliy liboslar ko`rgazma-tomoshasi uyushtirildi.






