AsosiyJamiyat

Tibbiyot xodimlarining oyligi oshiriladi

'Tibbiyot xodimlarining oyligi oshiriladi'ning rasmi

Davlat tibbiyot muassasalari va sog`liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag`batlantirishni kuchaytirish chora-tadbirlari to`g`risidagi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mehnatiga haq to`lash miqdorlari 2018 yil 1 dekabrdan 1,2 baravar va 2019 yil 1 apreldan 1,15 baravar oshiriladi.

Qaror bilan Sog`liqni saqlash vazirligi va Innovasion sog`liqni saqlash milliy palatasiga 2019 yil 1 iyulgacha tibbiyot va farmasevtika xodimlarining mehnatiga haq to`lash tizimi bo`yicha quyidagilarga yo`naltirilgan takliflarni ishlab chiqish vazifasi yuklandi:

  • davlat tibbiyot muassasalari tibbiyot va farmasevtika xodimlarining lavozimiga va malakasiga, ko`rsatiladigan tibbiy yordamning murakkablik va javobgarlik darajasi, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalari ixtisosligiga qarab bazaviy lavozim maoshlarini joriy etish;
  • tibbiyot xodimlari faoliyatini va mehnati unumdorligini baholashning zamonaviy usullarini joriy etish;
  • tibbiyot va farmasevtika xodimlarini moddiy rag`batlantirishning amaldagi tartibini tubdan qayta ko`rib chiqish;
  • o`rnak ko`rsatgan vrachlarga tarif stavkasining 100 foizigacha bo`lgan miqdorda har oylik shaxsiy ustamalar belgilash.

Shuningdek qaror bilan Sog`liqni saqlash vazirligi huzurida Rivojlantirish va sog`liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini moddiy rag`batlantirish jamg`armasi tashkil etildi.

Jamg`arma mablag`laridan sog`liqni saqlashni boshqarish organlari xodimlarini mukofotlash, moddiy yordam, qo`shimcha haqlar, ustamalar berish, uy-joy bilan ta`minlashni yaxshilashga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish va sog`liqni saqlash tizimini rivojlantirishning boshqa maqsadlari uchun foydalaniladi.

    Boshqa yangiliklar