AsosiyJamiyat

Rimdagi xalqaro tashkilot O`zbekistondagi huquqiy islohotlarga ko`maklashadi

'Rimdagi xalqaro tashkilot O`zbekistondagi huquqiy islohotlarga ko`maklashadi'ning rasmi

Joriy yilning 5 noyabr kuni O`zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov Rivojlanish huquqi xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo`yicha direktori Fred Xyuston boshchiligidagi tashkilot vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda asosiy e`tibor qonun ustuvorligini mustahkamlash va rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik, ushbu yo`nalishda qo`shma loyihalarni amalga oshirish kabi masalalarga qaratildi. Bu haqda Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar bermoqda.

Davletov mehmonlarga O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini takomillashtirish bo`yicha amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlar haqida batafsil ma`lumotlar berdi.

Xususan, qonunchilik bazasini mustahkamlash va takomillashtirish, huquqni qo`llash amaliyoti, aholiga huquqiy xizmatlar ko`rsatish institutlarini rivojlantirish sohasida olib borilayotgan tizimli va izchil chora-tadbirlar haqida aytib o`tildi.

O`z navbatida Xyuston samimiy qabul uchun minnatdorlik izhor qilib, RHXT vazirlik bilan yaqin hamkorlik qilishga qiziqishi va loyihalarni amalga oshirish orqali olib borilayotgan huquqiy islohotlarga ko`maklashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuv chog`ida tomonlar, shuningdek, sud ekspertizasi sohasidagi faoliyatni takomillashtirishga doir qo`shma loyihalarni amalga oshirish, malakali kadrlar tayyorlash, biznes jarayonlarni reinjiniring qilish (BPR), munozaralarni muqobil hal qilish (ADR) va advokatura masalalarini ham muhokama qilishdi.

Ma`lumot uchun, RHXT shtab-kvartirasi Rimda joylashgan nohukumat tashkiloti hisoblanib, qonun ustuvorligini qo`llab-quvvatlash va rivojlantirish, manfaatdor mamlakatlarga huquqiy islohotlarni amalga oshirishda ko`maklashish bilan shug`ullanadi. Ushbu tashkilot hukumatlar, xalqaro tashkilotlar va xususiy sektor bilan hamkorlik qiladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti huzuridagi konsultativ mavqega ega tashkilotdir.

    Boshqa yangiliklar