AsosiyJamiyat

Surxondaryoda xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga tayyorgarlik boshlandi

'Surxondaryoda xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga tayyorgarlik boshlandi'ning rasmi

Prezidentimizning joriy yil 1 noyabrdagi “Xalqaro baxshichilik san`ati festivalini o`tkazish to`g`risida”gi qaroriga muvofiq 2019 yil 5-10 aprel kunlari Termiz shahrida o`tkaziladigan xalqaro baxshichilik san`ati festivaliga puxta tayyorgarlik ko`rish bo`yicha Surxondaryo viloyatida shtab tashkil etildi.

Shu munosabat bilan bo`lib o`tgan yig`ilishda viloyat hokimi o`rinbosarlari, mutasaddi boshqarmalar rahbarlari, baxshilar, rejissyor va ssenaristlar, yozuvchi va shoirlar, tarixchi olimlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi, deb yozmoqda O`zA.

Yig`ilishda mamlakatimizda nomoddiy madaniy meros durdonalarini qayta tiklab, rivojlantirish, yosh iste`dod sohiblarini har tomonlama qo`llab-quvvatlab, rag`batlantirish yuzasidan ko`rsatilayotgan g`amxo`rliklar qadimiy baxshichilik va dostonchilik san`atini yangi bosqichda yuksaltirib, jamiyatda baxshi-shoirlar ijodining nufuzini yanada oshirishda muhim omil bo`layotgani alohida ta`kidlandi.

Milliy qadriyatlarimizni tiklab, yuksak badiiy ijod asosida yaratilgan nomoddiy meros durdonalarining qadimiy an`analarini rivojlantirishga qaratilayotgan bunday e`tibor asnosida Surxondaryo viloyatida “Alpomish” dostoni yaratilganining ming yilligi keng nishonlanib, Vatanimizda “O`zbekiston xalq baxshisi” unvoni ta`sis etilgani ham bunga yaqqol misoldir. Baxshi va dostonchilar ijodining eng yaxshi namunalarini targ`ib qilib, el suygan dostonlarni nashr etish yo`lga qo`yilgani, Termiz shahrida baxshilar maktabi tashkil etilgani, joriy yilda Oltinsoy tumanida baxshi-shoir, oqin va jirovlarning respublika festivali o`tkazilgani ham mazkur sohaga ko`rsatilayotgan e`tibor namunasidir.

Ma`lumotlarga ko`ra, mamlakatimizda “O`zbekiston xalq baxshisi” unvoni bilan taqdirlangan 80 ga yaqin baxshi, oqin va jirovlarning 8 nafari surxondaryolik bo`lib, ayni paytda ular Vatanga munosib shogirdlar tayyorlash, yuksak ma`naviyatli yosh avlodni tarbiyalashga munosib hissa qo`shmoqda. Kelgusi yil bahor faslida Alpomishlar yurtida bo`lib o`tadigan xalqaro baxshichilik san`ati festivali ajdodlardan meros qolgan noyob bu san`atni dunyoga keng tarannum etishda muhim o`rin tutadi. Bunday ezgu ish viloyatda mazkur tadbirga hozirdan qizg`in tayyorgarlik ko`rishga undadi.

Xalqaro festivalni yuksak saviyada o`tkazish yuzasidan O`zbekiston xalq baxshilari va olimlar, soha mutaxassislarining taklif va tavsiyalari tinglandi. Termiz shahridagi zamonaviy 22-bolalar musiqa, san`at va baxshilar maktabi kutubxonasini kitob hamda qo`llanmalar bilan boyitish, musiqa asboblari bilan jihozlash, nodir xalq dostonlari va termalarini audio, video hamda matnda yozib olish, Sherobod dostonchilik maktabi asoschisi bo`lgan Sherna baxshi mangu qo`nim topgan qabristonni obodonlashtirish kabi masalalar bo`yicha atroflicha fikr almashildi. Tegishli vazifalar belgilab olindi.

Yig`ilishda Surxondaryo viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi B.Po`latov so`zga chiqdi.

    Boshqa yangiliklar