Qonunchilikka muvofiq, bir qator shaxslarga avtomobil benzini sotib olishga xarajatlarning bir qismi uchun oylik pul kompensasiyasi to`lanadi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
2018 yil 16 noyabrdan kompensasiya miqdori 66 ming 700 so`mni tashkil etadi.
Kompensasiya olish huquqiga ega shaxslar ro`yxati:
- urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar
- urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar;
- mehnatda mayib bo`lish va kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironlari;
- I va II guruh bolalikdan nogironlar.
Kompensasiyani tayinlash uchun pensiyalar va nafaqalarni tayinlaydigan organlarga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
- ariza;
- pasport nusxasi;
- imtiyozga bo`lgan huquqlar to`g`risidagi guvohnomalar nusxalari (urush qatnashchilari va nogironlari hamda ularga tenglashtirilgan shaxslar uchun);
- tibbiy-mehnat ekspert komissiyalarining ma`lumotnomalari nusxalari (mehnatda mayib bo`lish, kasb kasalligi tufayli nogironlar va bolalikdan nogironlar uchun);
- avtomototransportning texnik pasporti nusxasi;
- haydovchilik guvohnomasi nusxasi yoki Ikkinchi jahon urushi nogironi bilan doimiy birga yashaydigan va u bilan bir turar joy maydonida ro`yxatdan o`tgan oila a`zosining haydovchilik guvohnomasi, pasporti nusxalari va u tomonidan avtomototransport vositasidan foydalanish huquqiga ishonchnoma.






