AsosiyJamiyat

Endi nikoh shartnomasini notarial tasdiqlashda davlat boji undirilmaydi

'Endi nikoh shartnomasini notarial tasdiqlashda davlat boji undirilmaydi'ning rasmi

Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali Hukumat qarori bilan Davlat boji stavkalariga o`zgartirish va qo`shimchalar kiritilganini ma`lum qildi.

Kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, endilikda fuqarolik ishlari bo`yicha sudlarda otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug`ilganligi, shuningdek, tug`ilgan vaqti faktlarini aniqlash to`g`risidagi arizalarni ko`rganlik uchun davlat boji undirilmaydi.

Notariuslar tomonidan mol-mulkni ijaraga berish bilan bog`liq shartnomalar tasdiqlanganida qaysi holatlarda davlat boji undirilishiga aniqlik kiritildi, ya`ni davlat boji mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o`zgartirishlar kiritganlik uchun undiriladi.

Shuningdek, ushbu shartnoma taraflarining biri yuridik shaxs bo`lganida davlat boji eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida undiriladi. Ilgari bu holatga aniqlik kiritilmagan edi.

Bundan tashqari, mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini bekor qilganlik va qarz shartnomalariga o`zgartirishlar kiritganlik yoki uni bekor qilganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizini tashkil etadi.

Kiritilgan yana bir qo`shimchaga ko`ra, notariuslar tomonidan notarial harakatlar fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlarining binolarida sayyor qabullar chog`ida amalga oshirilganida davlat boji o`z miqdorida undiriladi.

Shuningdek, qaror bilan nikoh shartnomasini va aliment to`lash haqida kelishuvni notarial tasdiqlash, ularga o`zgartirishlar kiritish yoki bekor qilishda davlat boji undirilmasligi belgilandi.

    Boshqa yangiliklar