Rossiya Liberal-demokratik partiyasi raisi Vladimir Jirinovskiy boshchiligidagi delegasiya 2 noyabr kuni Buxoroga kelgani haqida xabar bergan edik.
O`zbekiston va Rossiya parlamentlari vakillari o`rtasida muloqot bo`lib o`tdi, deb xabar bermoqda O`zA.
Mamlakatlarimiz o`rtasidagi munosabatlar o`zaro ishonch va manfaatdorlik, strategik sheriklik va ittifoqchilik tamoyillari asosida izchil rivojlanayotgani, bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim asos bo`lib xizmat qilayotgani ta`kidlandi.

Mehmonlarga Harakatlar strategiyasi doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar haqida so`zlab berildi.
Vladimir Jirinovskiy Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida iqtisodiyotni liberallashtirish, xususiy tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlash borasida olib borilayotgan islohotlarni yuqori baholadi. Milliy o`zlikni asrash, ilm-fan va innovasiya sohasini rivojlantirish yo`lidagi sa`y-harakatlar o`z samaralarini berayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muloqotda parlamentlararo munosabatlarni rivojlantirish barcha sohada izchil yutuqlarga erishish, mamlakatlarimizning manfaatli aloqalarini yanada taraqqiy ettirish imkonini berishi ta`kidlandi.
– O`zbekiston va Rossiya iqtisodiyot, turizm, ta`lim sohasida hamkorlikni rivojlantirishda ulkan imkoniyatlarga ega, – dedi V.Jirinovskiy. – Buning uchun o`zaro muloqotlarni kengaytirish, tadbirkorlik faoliyati yo`lida zarur sharoitlarni yaratish kerak. Bu boradagi maqsadlarga erishishda turli vazirlik va idoralar, xususan, parlamentlararo hamkorlik guruhlari imkoniyatlaridan samarali foydalanish kerak.
2500 yillik tarixga ega Buxoro zaminida yashayotgan turli millat va elat vakillarining do`stligi madaniy va ma`naviy an`analarga asoslangan, Markaziy Osiyo xalqlari qadimiy merosidan ruhiy quvvat olgan.

Kunning ikkinchi yarmida Rossiya delegasiyasi Buxoroda bunyod etilgan madaniy meros ob`ektlari, diqqatga sazovor joylarni tomosha qildi.
Mehmonlar Buxoro yahudiylari sinagogasida bo`lib, yurtimizda barcha din va millat vakillari uchun yaratilgan erkinlik va sharoitlar bilan tanishdi.

Buxoroning tarixiy qismdagi me`moriy obidalar, milliy hunarmandlik maktablari faoliyati delegasiya a`zolarida katta taassurot qoldirdi.






