Hukumatning ayrim qarorlariga o`zgartirishlar va qo`shimchalar kiritilgani haqida Adliya vazirligining «Huquqiy axborot» kanali ma`lum qildi.
Kiritilgan qo`shimchalarga muvofiq, lisenziyalash faoliyati bilan shug`ullanuvchi organlar kengaytirildi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan lisenziyalanadigan bir qator faoliyat turlari boshqa organlarga o`tkazildi.
Xususan:
• portlovchi va zaharli moddalarni, ularni qo`llagan holda materiallar va mahsulotlarni, shuningdek portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizasiya qilish;
• ionlashtiruvchi nurlanish manbalari bilan muomalada bo`lish sohasidagi faoliyat;
• qimmatbaho va nodir metallar, qimmatbaho toshlar qazib olish faoliyatini lisenziyalash – yangi lisenziyalovchi organ “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi tomonidan;
• neft, gaz hamda gaz kondensatini qazib chiqarish, qayta ishlash va realizasiya qilish;
• neft mahsulotlarini (avtobenzin, aviabenzin, ekstrabenzin, dizel yonilg`isi, aviakerosin, mazut, pechka qoramoyi, neft bitumi, shuningdek texnik moy va moylash materiallarini) realizasiya qilish, zavodda idishlarga qadoqlanganlari bundan mustasno. (Neft mahsulotlarini AYoQSh va moy almashtirish punktlarida sotishdan tashqari);
• magistral gaz quvurlari, neft quvurlari va neft mahsulotlari quvurlarini loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta`mirlashni lisenziyalash – yangi lisenziyalovchi organ “O`zdavneftgazinspeksiya” tomonidan;
• pirotexnika buyumlarini (harbiy maqsaddagi mahsulotlardan tashqari) yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, realizasiya qilish, ulardan foydalanish, ularni yo`q qilish va utilizasiya qilishni lisenziyalash – endilikda Ichki ishlar vazirligi tomonidan;
• geodeziya va kartografiya faoliyatini lisenziyalash – Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri bo`yicha davlat qo`mitasi noshirlik faoliyatini lisenziyalash – O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.
Turizm (turoperator) faoliyatini lisenziyalash esa Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasining hududiy boshqarmalari, Turizmni rivojlantirish departamentlari tomonidan amalga oshiriladi. Ilgari ushbu faoliyatni faqat Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi lisenziyalagan.
Veterinariya faoliyatini lisenziyalash endilikda nafaqat Davlat veterinariya qo`mitasi tomonidan, balki Qoraqalpog`iston Respublikasi veterinariya qo`mitasi, viloyatlar va Toshkent shahar veterinariya boshqarmalari tomonidan ham amalga oshiriladi.
Rieltorlik faoliyatini lisenziyalash vakolati Davlat raqobat qo`mitasidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga o`tkazildi.






