Toshkent shahar Chilonzor tumani Dilxush ko`chasi 37-uyda yashaydigan fuqaro A.Akbarov xonadonida qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanishda gumon holati bo`yicha Sog`liqni saqlash vaziri o`rinbosari, Respublika bosh davlat sanitariya shifokori S.Saidaliev rasmiy axborot berdi.
Qayd etilgan guruhli ovqatdan zaharlanishda gumon holati bo`yicha quyidagilarni ma`lum qiladi:
Xonadon egasi Alisher Akbarovning ayoli Xaitova Umida, 42 yosh, 2018 yil 30 oktyabr kuni, taxminan soat 20:00 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining ro`parasidagi milliy taomlar kafesidan 5 dona, sixga tortilgan qiyma kabob, tandir non va to`g`rab, uksus solingan piyoz sotib olib, uyiga olib borgan. Ularning uyi shu kafening yaqinida joylashgan. Uyida oila a`zolaridan Xaitova Umidaning o`zi, uning qizlari Akbarova Aziza 1996 yil, E`zoza 2001 yil, Iroda 2003 yil va o`g`li Akbarov Farrux 2012 yilda tug`ilgan, birga o`tirib soat 20-30 da kabobni iste`mol qilishgan.
U.Xaitovaning bergan ma`lumotiga ko`ra, kabobda noxush hid va ta`m sezishmagan. Soat 23:30 larda bolalar, binoning ikkinchi qavatidagi xonaga chiqib, uxlagan. Ularda hech qanday kasallik belgilari bo`lmagan. U. Xaitovaning taxminan soat 23:30 larda boshi qattiq og`rigan, ko`ngli aynigan va ko`p marta qusgan. Xonadon egasi A.Akbarov kabob iste`mol qilingan vaqtda uyda bo`lmagan, qo`shnisinikida bo`lib, taxminan soat 24:00 da uyiga qaytgan. Ayolining sog`lig`i yomonlashganligi to`g`risida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilmagan. Er-xotin binoning birinchi qavatida uxlagan.
2018 yil 31 oktyabr soat 04:00 da U. Xaitova ikkinchi qavatdagi farzandlari uxlayotgan xonani ochib ko`rganda bolalarini og`zidan ko`pik qusuqlari chiqib, behush holda yotganligini ko`rib, tez tibbiy yordam xizmatiga murojaat qilgan. Soat 04:30 da tez tibbiy yordam mutaxassislari kelib, ular tomonidan U. Xaitovaning qizlari Akbarova Aziza, E`zoza, Iroda va o`g`li Akbarov Farruxda biologik o`lim holati qayd etilgan. Ayni paytda A.Akbarov sog`lom, uning turmush o`rtog`i U. Xayitovaga esa Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazida tibbiy yordam ko`rsatilmoqda, ahvoli qoniqarli.
Ushbu xonadon egalari Dilxush ko`chasi 37-uydagi yangi qurilgan 3 qavatli binoga yaqinda ko`chib o`tgan. Uy erto`lada o`rnatilgan, tabiiy gazda ishlaydigan isitish qozoni orqali isitiladi.
Yuzaga kelgan ushbu holat bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining topshirig`iga muvofiq, Bosh prokuratura, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislaridan iborat hukumat komissiya tuzildi. Komissiya tomonidan ushbu holat bo`yicha ovqatdan yoki is gazidan zaharlanish taxminlari o`rganilmoqda.
A.Akbarov xonadon va milliy taomlar kafesidagi tashqi muhit ob`ektlaridan tahlillar uchun tegishli namunalar olinib, Respublika sanitariya-epidemiologiya xizmatining laboratoriyasiga topshirildi. O`rganilayotgan taxminlar, laboratoriya tahlillari natijalari hamda amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar to`g`risida qo`shimcha axborot beriladi.






