Mamlakatimizda qonun ustuvorligini ta`minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish Prezident Shavkat Mirziyoev tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlaridan biridir.
Shu bois keyingi yillarda majburiy mehnatga barham berish bo`yicha qator hujjatlar qabul qilindi, zarur chora-tadbirlar ko`rildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 29 oktyabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va ko`rinishlariga yo`l qo`ymaslik borasidagi javobgarligini oshirish to`g`risida farmoyish qabul qildi.
Ushbu farmoyishga muvofiq, g`alla ekish va sug`orish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yo`l qo`ygani bois Mirzaev Zoyir Toirovich O`zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o`rinbosari – O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo`jaligi, qishloq xo`jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi.
Hujjatda O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga qishloq xo`jaligi ishlari chog`ida yo`l qo`yilgan qonun buzilish holatlari yuzasidan tekshirish o`tkazish, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga, joylardagi davlat hokimiyati organlari va xo`jalik birlashmalari rahbarlariga majburiy mehnatning barcha shakl va ko`rinishlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish bo`yicha topshiriqlar berilgan.






