28 oktyabr kuni o`z ishini boshlagan “O`zbekiston-Rossiya yoshlar forumi: Hamkorlik, tashabbus, innovasiya” deb nomlangan yoshlar festivali 30 oktyabr kuni Buxoroda davom etadi.
Rossiya Federasiyadan tashrif buyurgan 82 nafar delegasiyaning bir qismi, faol yoshlar va OAV vakillari Buxoro shahriga tashrif buyurishadi.
Buxoro Yoshlar markazida “Yoshlar media makonining zamonaviy trendlari” mavzusida bo`lib o`tadigan media forumda Rossiya delegasiyasi a`zolari, yosh jurnalistlar bilan bir qatorda mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, xususan viloyat va “Istiqlol” teleradiokompaniyalari, “Buxoro yoshlari” gazetasi, “O`zbekiston” radiosi hamda O`zbekiston milliy axborot agentligi, “Xalq so`zi”, “Narodnoe slovo”, “Yoshlar ovozi”, “Molodyoj Uzbekistana” gazetalarining viloyat muxbirlari, hokimlik va boshqa davlat tashkilotlarining matbuot kotiblari ishtirok etishadi.
Media forumda o`zbekistonlik spikerlar “Yoshlar hayotini yoritish”, “Elektron OAVda yoshlarning rolini oshirish”, “Yosh jurnalist kadrlarni tayyorlash” bilan bog`liq chiqishlar qilishadi.
Rossiyalik mutaxassislar esa “Axborot etkazib berishda auditoriya bilan ishlash”, “Mamlakatlaro muloqotni yo`lga qo`yishda internetning o`rni va roli”, “Internetdagi global chaqiriqlar bilan kurashish”, “Xalqaro yirik tadbirlarni yoritishda jurnalist ishi” kabi mavzular bo`yicha o`z fikrlarini bildirishadi.
Media-forum so`nggida tomonlar yoshlar uchun mo`ljallangan media-makonning asosiy unsurlari, ulardan samarali foydalanish va mustahkam hamkorlik bo`yicha kelishib olishadi.






