Joriy yilning 18-19 oktyabr kunlari Rossiya Federasiyasi Prezidenti O`zbekiston Respublikasida davlat tashrifi bilan bo`lganidan xabaringiz bor. Tashrif davomida ikki Davlat Rahbarlari o`rtasida erishilgan o`zaro manfaatli kelishuvlar mamlakatlarimiz o`rtasidagi o`zaro ishonch va hamkorlik aloqalarining yanada mustahkamlanishiga zamin yaratdi. Mazkur hamkorlik O`zbekiston yoshlar ittifoqi hamda Rossiya yoshlar ittifoqi o`rtasidagi munosabatlarda ham o`z ijobiy natijalarini ko`rsatmoqda.
Munosabatlarning uzviyligini ta`minlash, yoshlar o`rtasida o`zaro do`stlik aloqalarini rivojlantirish maqsadida 28 oktyabr kuni Toshkent shahrida “O`zbekiston - Rossiya yoshlar festivali” boshlandi.
1 noyabrga qadarToshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida davom etadiganmazkur tadbirga Rossiya Federasiyasidan 82 kishilik delegasiya tashrif buyurdi.
Tashrifning dastlabki kuni festivalning rasmiy ochilish marosimi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi rahbariyatining delegasiya tarkibidagi rasmiy doira vakillari bilan uchrashuvi bo`lib o`tdi. Shundan so`ng, mehmonlar Toshkent shahri bo`ylab ekskursiya, jumladan, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Hazrati Imom majmuasiga sayohat qilishdi.
“Kichik va o`rta biznesni rivojlantiruvchi ekosistemamiz bilan bo`lishmoqchimiz”
— Bizda 2016-yilda Qozon Federal universiteti bitiruvchilari tomonidan texnologik loyiha amalga oshirilgan bo`lib, bu loyiha 2017-yildan boshlab Shveysariya va Kanadaning sarmoyadorlari tomonidan qo`llab-quvvatlangan. Ushbu «Govermedia Plyus» loyihasi kichik va o`rta tadbirkorlikni qo`llab-quvvatlovchi biznes hamjamiyati ekosistemasi hisoblanadi. Ekosistema – barcha tadbirkorlar uchun xodimlarni topishda, sarmoyalarini tadbirkorlikka jalb qilmoqchi bo`lgan ishbilarmonlarga ko`maklashishda, o`z loyihalarini ro`yxatga olish va takomillashtirishni istaganlarga imkoniyat yaratishda tayanch vazifasini bajaruvchi ijtimoiy tarmoqdir. Biz aynan shu tajribalarimizni siz bilan bo`lishmoqchimiz, — deydi Rossiya delegasiyasi a`zosi, «Govermedia Plyus» Xalqaro kompaniyasining yuridik bo`limi boshlig`i Regina Vlasova.
“Amir Temur vatanida bo`lish men uchun katta baxt”
— O`zbekistonga ilk tashrifimdan, ushbu forumdagi ishtirokimdan mamnunman. Amir Temurning vatani bo`lmish boy tarixga ega mamlakatda bo`lish men uchun katta baxtdir. Bu mamlakatni birinchi nafasimdayoq yoqtirdim. Festivalning eng katta istiqboli, albatta, ikki davlatning ishtirokchilari o`rtasida mustahkam aloqalarning o`rnatilishidir, – deydi «Invest Konsulting Realty» MChJ bosh direktorining o`rinbosari, biznes-psixologi Elena Nevert. — Umid qilamanki, festival nafaqat do`stona munosabatlarni rivojlantirishga, balki tadbirkorlik sohasidagi aloqalarni rivojlantirishga ham yordam beradi. Yangi loyihalar, amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan g`oyalar mamlakatlarimiz o`rtasidagi uzoq yillik hamkorlikka yo`l ochadi.
Festival davom etadi...
Festivalning ochilish marosimida O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi Qahramon Quranboev va Rossiya yoshlar ittifoqi raisi o`rinbosari Tatyana Seliverstova so`zga chiqib, tadbir ishtirokchilarini qutladi. Marosim dasturidan O`zbekiston va Rossiya yoshlar ittifoqlari faoliyatiga bag`ishlangan roliklar namoyishi, yosh san`at ustalari va ijodiy guruhlarning chiqishlari o`rin oldi.
Festivalning ikkinchi kuni “Birinchi O`zbekiston - Rossiya yoshlar biznes forumi” bo`lib o`tadi.
Bundan tashqari, festival dasturidan“O`zbekiston Respublikasi hamda Rossiya Federasiyasi orasida turistik oqimni kengaytirishda yoshlarning roli” mavzusida amaliy konferensiya, “Yoshlar media makonining zamonaviy trendlari” mavzusida yoshjurnalist va blogerlar kongressi, Yoshlar press-klubining sessiyasi va tarixiy shaharlarimiz — Samarqand va Buxoroga sayohatlar o`rin olgan.
Festivalni kuzatib boramiz.
Dilfuza SOBIROVA






