Toshkent shahridagi O`zbekiston davlat konservatoriyasi katta majlislar zalida Xalq deputatlari Toshkent shahar va tuman Kengashi deputatlarining qo`shma majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Unda shahar va tuman deputatlari, Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo-Ulug`bek Abdusalomov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Jahongir Artikxo`jaev hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi. Qo`shma majlisda O`zbekiston Oliy Majlisi Senati a`zoligiga Toshkent shahridan vakil saylash to`g`risidagi masala ko`rib chiqildi.
Yashirin ovoz berish yo`li bilan o`tkazilgan saylovda Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom Toshmuhammedova Oliy Majlis Senati a`zosi etib saylandi.
Ma`lumot uchun, Dilorom G`ofurjonovna Toshmuhammedova Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi spikeri bo`lgan. Ma`lumoti bo`yicha shifokor. 1984 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini va 2003 yilda Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tugatgan.






