Joriy yilning 10 noyabr kuni O`zbekiston yoshlar ittifoki qoshidagi O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi, O`zbekiston Respublikasining Germaniya Federativ Respublikasidagi elchixonasi va Germaniyadagi «Nihol» o`zbek- olmon ilmiy-madaniy jamiyati tashabbusi bilan Berlin shahrida “Xorijiy innovasion g`oyalar va texnologiyalar hamda ularni O`zbekistonda tadbiq qilish istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo`lib o`tishi rejalashtirilgan.
Mazkur ilmiy-amaliy anjumandan maqsad, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda innovasion faoliyatni keng joriy etish bo`yicha Germaniyaning ilg`or tajribasini o`rganish va O`zbekistonda amalga oshirish istiqbollarini muhokama qilish, Germaniya hamda qo`shni Evropa davlatlaridagi o`zbek vatandoshlar tomonidan turli xil yo`nalishlarda ishlab chiqilgan innovasion g`oyalar, ishlanmalar, yangi texnologik loyihalar bilan yaqindan tanishish va ushbu loyihalarni O`zbekistonda moliyalashtirish masalalari yuzasidan fikr almashish.
Bundan tashqari anjumanda taqdim etilgan barcha innovasion loyiha, ma`ruzalarni maqolalar to`plami sifatida chop etib, tegishli vazirliklar va tashkilotlar e`tiboriga havola etiladi.
Mazkur ilmiy-amaliy anjumanda o`zbekistonlik va xorijlik mutaxassislarning O`zbekiston Respublikasida qishloq xo`jaligi, sog`liqni saqlash, innovasion texnologiyalarni joriy qilish, energetika, moliya va sug`urta, shaharsozlik, turizm hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan taqdimotlari saralab olingan.
Shuningdek, anjumanda Innovasion rivojlanish vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, O`zbekiston yoshlar ittifoqi, O`zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi, Turizmni rivojlantirish davlat qo`mitasi, Savdo-sanoat palatasi, O`zbekiston yoshlari umumjahon assosiasiyasi hamda
«El-yurt umidi fondi» kabi tashkilotlar mas`ul xodimlarining ishtirok etishi kutilmoqda.






