Prezident Shavkat Mirziyoev 26 oktyabr kuni ushbu zamonaviy ishbilarmonlik markazi loyihasi bilan tanishdi. Bu haqda davlat rahbarining veb-sayti xabar berdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 2 avgustdagi «Respublika hududlarida «Business city» zamonaviy ishbilarmonlik markazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida»gi qaroriga muvofiq taklif etilayotgan ushbu majmua Yunusobod tumanining 2-Otchopar mahallasidagi 45,5 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan. Unda savdo markazlari, biznes ofislar, ko`ngilochar maskanlar, saylgohlar, turar joylar va boshqa ob`ektlar bo`lishi mo`ljallangan.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko`ra, loyihaning qiymati 500 million dollar bo`lib, 2019-2023 yillarda amalga oshirilishi ko`zda tutilgan.
Prezidentimiz yangi ishbilarmonlik markazi qurilishida relefdan oqilona foydalanish, dunyo shaharlari tajribasini o`rganish zarurligini qayd etdi. Uni barpo etishga xorijiy investorlar, tajribali loyihachi va quruvchilarni jalb etish bo`yicha topshiriqlar berdi.
Shu erda Yunusobod tumanidagi ko`p qavatli uylarni boshqarish bo`yicha takliflar taqdimoti o`tkazildi. Bu takliflar Rossiyaning Qozon shahri tajribasi asosida ishlab chiqilgan. U professional servis kompaniyalari tashkil etish orqali ko`p qavatli uylarga xizmat ko`rsatishni yaxshilash, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, iqtisodiy barqarorlikni ta`minlashga qaratilgan.
Prezidentimiz tumanda ushbu tizimni joriy mavsumdayoq tatbiq etish, har bir ko`p qavatli uyning egasini topib, ularga imtiyozlar berish zarurligini ta`kidladi.
Innovasion, ilmiy va tashkiliy ishlarni birlashtirib, baravar olib bormasak, bu soha eskicha holda qolaveradi. Kommunal xizmatlar xususiy korxonalar tomonidan amalga oshirilmasa, sifat bo`lmaydi. Sifat bo`lmagandan keyin to`lov ham barqaror bo`lmaydi. Bu sohada xizmatni, hisob-kitobni joyiga qo`ysak, vaziyat o`zgaradi, odamlar rozi bo`ladi, dedi davlatimiz rahbari.








