Yunusobod tumani Bog`ishamol mahallasida joylashgan 74-maktabgacha ta`lim muassasasi joriy yilda rekonstruksiya qilinib, zamonaviy ta`mirlandi. Mashg`ulot xonalari bolalar tarbiyasi uchun zarur, bejirim va qiziqarli inventarlar bilan jihozlandi. Oshxona va sport zali yangidan qurildi.
Bugungi kunda muassasada 375 ta bola ta`lim-tarbiya olmoqda.
Prezidentimiz bog`chada bolalarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, xodimlar bilan muloqot qildi, deb xabar bermoqda davlat rahbarining matbuot xizmati.
"Biz uchun birinchi o`rinda bolalarimizning ma`naviyati, bilimi, sog`ligi. Shuning uchun davlat tomonidan maktabgacha ta`limga katta e`tibor berilyapti va bu hali boshlanishi. Sizlarning vazifangiz bolalarning ko`zidagi nurni ilg`ab olish, ularga yaxshi tarbiya berish", - dedi Shavkat Mirziyoev.
Shu erda Toshkent shahridagi maktabgacha ta`lim muassasalarining holati va ularni rivojlantirishga oid loyihalar namoyish etildi. Davlatimiz rahbari bu boradagi takliflarni ma`qullab, xususiy sherikchilik asosida yangi bog`chalar qurish, bolalarni qamrab olishni kengaytirish va kelgusida yuz foizga etkazish zarurligini ta`kidladi.
Shu erda Janubiy Koreyaning Puchon universiteti rahbarlari bilan videokonferensiya orqali muloqot qilindi.
Prezidentimiz bog`cha tarbiyalanuvchilariga sovg`alar berdi.















