2018 yil 24 oktyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi.
Unda deputatlar mamlakat hayotining turli sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan ta`minlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalarini, deyarli har bir davrada, har kuni muhokama mavzusi bo`ladigan masalalarni ko`rib chiqdilar.
Adliya vazirligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik tashabbusi huquqi asosida kiritilgan «O`zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo`shimchalar va o`zgartishlar kiritish to`g`risida»gi qonun loyihasi ham deputatlar tomonidan qizg`in muhokama qilindi.
Qayd etilganidek, ayni paytda qonun hujjatlarida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy propiskasi bo`lmagan O`zbekiston fuqarolariga nisbatan ushbu hududlarda yashash hamda ishga joylashish bilan bog`liq qator cheklovlar mavjud.
Mazkur cheklovlarga rioya etmaslik fuqarolar va mansabdor shaxslarni ma`muriy javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.
Ushbu qonun loyihasi bunday cheklovlarni bartaraf etishga qaratilgan bo`lib, fuqarolarning ish tanlash, respublika hududida erkin harakatlanish bo`yicha konstitusiyaviy huquqlari, pasport, bilim olish hamda ishga joylashish bilan bog`liq boshqa huquqlari amalga oshirilishini ta`minlash maqsadida ishlab chiqildi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan atroflicha muhokama etildi va qabul qilindi.






